Biz ijtimoiy tarmoqlarda
Mobiuz O'zbekistonda uyali aloqani rivojlantirish bo'yicha yangi kelishuvlarga erishdi

Barselonadagi Mobile World Congress 2023 doirasida Mobiuz mobil operatori 23 million AQSh dollari miqdorida investitsiyalarni jalb qildi.

Joriy yilning 27-fevralidan 2-martigacha Barselonada (Ispaniya) mobil industriyadagi ulkan tadbirlardan biri – Mobile World Congress bo‘lib o‘tmoqda. Mobiuz mobil operatori vakillari GSM assotsiatsiyasi (GSMA) taklifiga binoan ushbu tadbirda ishtirok etmoqda. Kompaniya 2014-yildan beri GSMA’ning to‘laqonli a'zosi hisoblanadi.

Mobile World Congress (MWC) – bu har yili o‘tkaziladigan kongress hamda mobil sanoat va mobil aloqa sohasi vakillari ishtirokidagi dunyodagi eng yirik ko‘rgazmalardan biridir. Bu bilim va tajriba almashish, ilg‘or texnologiyalar va g‘oyalarni namoyish etish, biznes va sarmoyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun qulay maydondir.

MWC 2023’da ishtirok etish doirasida Mobiuz xorijiy hamkorlar bilan bir qator hujjatlarni imzoladi.

Hozirda Mobiuz Xitoy Xalq Respublikasidagi hamkorlari bilan 2021-2024-yillarga mo‘ljallangan investitsiya loyihasini amalga oshirmoqda. MWC’da imzonlangan hujjatlar bu hamkorlikni yanada rivojlantirishga taalluqlidir. Hususan, erishilgan kelishuvlar natijasida joriy yilning ikkinchi yarmida Mobiuz’ga Huawei kompaniyasining umumiy qiymati 23 million dollarlik uskunalari yetkazib beriladi.

Mobiuz mobil operatori xorijiy banklardan jalb qilingan mablag'larni va o'z mablag'larini texnologik jihozlarni to‘liq modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni joriy etish, 4G LTE va 5G qamrovini kengaytirishga yo‘naltirmoqda.


MWC 2023da Mobiuz Xitoyning ikki yetakchi ishlab chiqaruvchisi – Huawei va ZTE bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha memorandumlarni ham imzoladi. Shu tariqa, kompaniyalar 2024-2026 yillarda va undan keyingi davrlarda samarali hamkorlikni yanada kengaytirishga intilishlarini bildirdilar. Bu esa Mobiuz mobil operatoriga mavjud tarmoqlarni muvaffaqiyatli kengaytirish va modernizatsiya qilish, 5G asosida raqamli xizmatlarni rivojlantirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, Mobiuz delegatsiyasi MWC 2023 ko‘rgazmasida uyali aloqa bozori uchun mahsulot va xizmatlarning global yetkazib beruvchilari bilan faol muzokaralar olib bormoqda. Bu borada yetakchi xalqaro mobil aloqa operatorlari bilan fikr va tajriba almashilmoqda. Zero barcha vazifalarni samarali amalga oshirish uchun mobil texnologiyalarning dunyodagi so‘nggi yutuqlaridan xabardor bo‘lish muhim ahamiyatga ega.

Hamkorlik natijasida kompaniya yildan yilga yangi texnologiya va xizmatlarni abonentlar uchun joriy etmoqda. Masalan, Mobiuz Oʻzbekiston mobil aloqa bozorida birinchi boʻlib 2021-yilning aprel oyida eSIM xizmatini ishga tushirdi. O'tgan yili 5G tijoriy tarmog'i muvaffaqiyatli ish boshladi. To‘rtinchi avlod tarmoqlariga asoslangan VoLTE/ViLTE texnologiyalarining imkoniyatlari Mobiuz tomonidan namoyish etildi va joriy yilda ularni ishga tushirishga tayyorgarlik ketmoqda.

Mobile World Congress 2023’da taqdim etilgan g‘oyalar va texnologiyalar O‘zbekiston sharoitida bosqichma-bosqich joriy etiladi. Buning uchun Mobiuz mobil operatori barcha zarur sa'y-harakatlarni amalga oshiradi.

Ro'yxatga qaytish