Biz ijtimoiy tarmoqlarda

Mobiuz rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda: xalqaro xususiylashtirish jarayoni yakunlandi

Mobiuz mobil aloqa operatori ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha xalqaro jarayon yakuniga yetdi. Bu voqea Mobiuz uchun rivojlanishning yangi bosqichini – salmoqli investitsiya dasturiga ega bo‘lgan va abonentlar manfaatlariga yo‘naltirilgan xususiy operator modeliga o‘tish davrini boshlab beradi.

Ochiq xalqaro tanlov g‘olibi sifatida texnologik hamkor JVR Capital Group ishtirokida McKim and Company (AQSH) boshchiligidagi moliyaviy investorlar konsorsiumi tan olindi.

Mobiuz’ning xususiylashtirilishi davlat tomonidan sohani isloh qilish bo‘yicha olib borilgan ko‘p yillik tizimli ishlar samarasi bo‘ldi. Xususiy kapitalni jalb etish yo‘nalishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6096-sonli Farmoni bilan belgilangan bo‘lib, ushbu hujjatga asosan kompaniya ilk bor xususiylashtiriladigan aktivlar ro‘yxatiga kiritilgan edi. Davlatning 100 foizlik ulushini sotishning aniq muddatlari Prezidentning 2022-yil 18-martdagi PQ-168-sonli qarori bilan mustahkamlandi, xalqaro tanlovning yakuniy bosqichi esa Prezidentning 2025-yil 21-apreldagi “2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi toʻgʻrisida”gi PF-70-sonli Farmoniga muvofiq boshlandi. Oliy davlat darajasidagi qarorlarning bu kabi izchilligi bitimning ochiq, raqobatbardosh va oldindan bashorat qilinadigan tarzda o‘tishini ta’minladi.

Mobiuz’ni xususiylashtirish bo‘yicha xalqaro tanlov O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoridagi eng yirik va shaffof bitimlardan biriga aylandi. Kompaniya biznesi 351 million AQSH dollariga baholandi, bu 7,4x EV/EBITDA multiplikatoriga to‘g‘ri keladi va mustaqil baholovchi bergan bahodan ancha yuqoridir. Bu baho bitimning yuqori samaradorligini, Mobiuz biznes-modelining barqarorligini hamda xalqaro investitsiya hamjamiyatining kompaniyaga bo‘lgan ishonchini aks ettiradi.

Jarayon dunyoning yetakchi muassasalari ishtirokida o‘tdi: Rothschild & Co investitsiya banki strategik maslahatchi, KPMG moliyaviy maslahatchi, Deloitte esa mustaqil baholovchi sifatida ishtirok etdi. Mobiuz’ga AQSH, Yaponiya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Yevropa va Janubiy Kavkazdan 100 dan ortiq strategik va moliyaviy investorlar qiziqish bildirdi va tanlov yakunlariga ko‘ra, majburiyatlarni o‘z ichiga olgan oltita taklif kelib tushdi.

Yangi investor Mobiuz telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun 500 million dollargacha sarmoya yo‘naltirish niyatini tasdiqladi. Bu mablag‘lar kompaniya tarmog‘i va xizmatlari rivojida sifat jihatidan sakrash uchun poydevor bo‘ladi. Investitsiya dasturining ko‘lami bitim qiymatidan ham oshib ketishi – bu o‘sish va modernizatsiyaga yo‘naltirilgan uzoq muddatli strategiyaning yaqqol belgisidir.

  • Mobiuz rivojlanishning yangi bosqichiga, avvalo, o‘z abonentlariga yanada yaqinroq va foydaliroq bo‘lish imkoniyati sifatida qaraydi. Jalb etilgan sarmoyalar va xalqaro hamkorlar tajribasi kompaniyaga quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadi:

  • Tarmoq qamrovini kengaytirish va sifatini oshirish – infratuzilmani modernizatsiya qilish va zamonaviy aloqa texnologiyalariga, shu jumladan butun mamlakat bo‘ylab yuqori tezlikdagi internetdan foydalanishni rivojlantirishga sarmoya kiritish.

  • Yangi texnologiyalarni rivojlantirish – yangi hamkorning xalqaro tajribasiga asoslangan holda yangi avlod aloqasi va raqamli servislar sohasidagi ilg‘or yechimlarni joriy etish.

  • Mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash – foydalanuvchilarning real ehtiyojlariga javob beradigan yanada qulay tariflar, raqamli mahsulotlar va servislar taqdim etish.

  • Barqarorlik va ishonchlilikni ta’minlash – kuchli investorga ega xususiy boshqaruv modeli har bir abonent uchun barqaror rivojlanish va oldindan aytish mumkin bo‘lgan xizmatlar sifatini anglatadi.

Kompaniyaning alohida ta’kidlashicha, amaldagi abonentlar oldidagi barcha majburiyatlar to‘liq hajmda saqlanib qoladi, mulkdorning o‘zgarishi esa xizmatlar uzluksizligi nuqtai nazaridan foydalanuvchilar uchun imkon qadar sezilarsiz kechadi. Tariflar, raqamlar va xizmat ko‘rsatish shartlari o‘z kuchida qoladi.

Bitimni uzil-kesil yakunlash uchun tartibga soluvchi organlardan ruxsatnomalar olish hamda belgilangan korporativ va yuridik tartib-qoidalarni bajarish talab etiladi. Mobiuz jarayonning to‘liq shaffofligini ta’minlaydi hamda asosiy bosqichlar haqida abonentlar, hamkorlar va jamoatchilikni o‘z vaqtida xabardor qilib boradi.

Ro‘yxatga qaytish