Inspur va Inverson Technologies vakillari bilan uchrashuv
Mobiuz mobil aloqa operatorining Markaziy ofisida Rahbariyatning Inspur (Xitoy) korporatsiyasi hamda uning O‘zbekiston bozoridagi strategik hamkori – Inverson Technologies (Shveysariya) kompaniyasi vakillari bilan ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mobiuz tarmoqni texnologik modernizatsiya qilish strategiyasini izchil amalga oshirib, butun mamlakat bo‘ylab qamrovni kengaytirmoqda va aloqa xizmatlari sifatini oshirmoqda. O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari soni jadal ortib, yuqori tezlikdagi mobil internetga talab kuchayib borayotgan bir sharoitda kompaniya oldida infratuzilmani yanada rivojlantirish, 5G qamrovini kengaytirish, sun’iy idrokka asoslangan servislarini joriy etish vazifalari turibdi.
Uchrashuv davomida mehmonlar o‘z kompaniyalarining faoliyati hamda Mobiuz bilan hamkorlik imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etdilar.
Inspur korporatsiyasi serverlar va kommutatsiya uskunalarini sotish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinni egallashi qayd etildi. U 90 ta mamlakatdagi 180 dan ortiq operatorga server uskunalari, BSS/OSS-platformalar, sun’iy idrokka asoslangan tarmoqni monitoring qilish va boshqarish tizimlari, shuningdek, 5G infratuzilmasini joriy etish yechimlarini yetkazib beradi.
Mobiuz keng abonent bazasiga, tarmoqni faol modernizatsiya qilish dasturiga ega va hisoblash resurslariga talabi ortib borayotgan mamlakatning yetakchi operatorlaridan biri ekanligi ta’kidlandi.
Tadbirda tomonlar hamkorlikning ehtimoliy yo‘nalishlari va umumiy manfaatlarni muhokama qildilar. Hamkorlik bo‘yicha istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish maqsadida o‘zaro aloqalarni yanada davom ettirishga kelishib olindi.