Biz ijtimoiy tarmoqlarda

Mobiuz va TATU hamkorlikni mustahkamlamoqda

Mobiuz mobil operatorining Markaziy ofisida kompaniya rahbariyati va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilda TATU O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri sifatida o‘z faoliyatining 70 yilligini nishonlamoqda. Mobiuz ko‘p yillardan buyon universitetning ishonchli hamkori bo‘lib, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda har tomonlama ko‘mak berib kelmoqda.

Uchrashuv davomida universitet vakillari Mobiuz mobil operatoriga ta’lim va raqamli texnologiyalar sohasidagi faol hamda samarali hamkorligi uchun minnatdorlik bildirdilar.

Mobiuz va TATU hamkorligidagi loyihalar o‘quv jarayoniga zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish, o‘quv laboratoriyalarini yangi uskunalar bilan jihozlash, shuningdek, ilg‘or raqamli texnologiyalar asosida talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etishga qaratilgan.

Ushbu hamkorlik tufayli TATUning ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlari sifati sezilarli darajada yaxshilandi. Bu esa raqamli iqtisodiyot va innovatsion rivojlanish talablariga javob bera oladigan yosh kadrlarni samarali tayyorlashga xizmat qilmoqda.

Ta’kidlash joizki, 2024-yilda TATUda Mobiuz bilan hamkorlikda talabalar uchun zamonaviy texnologik yechimlar bilan jihozlangan ma’ruzalar zali ochildi.

TATU rektori Baxtiyor Mahkamov Mobiuz bilan yaqin hamkorlik mamlakatni yanada raqamlashtirish va O‘zbekistonning innovatsion iqtisodiyotini rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratayotganini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Mobiuz rahbariyati universitetni yangi ta’lim tashabbuslari va texnologik loyihalarni amalga oshirishda, raqamli sektor taraqqiyoti va rivojlanishi yo‘lida strategik sheriklikni mustahkamlashda bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Ro‘yxatga qaytish