Oʻzbekiston Prezidentining Xitoyga davlat tashrifi doirasida Mobiuz va Xitoy kompaniyalari oʻrtasida yangi hujjatlar imzolandi.
2023-yil 18-19-may kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi boʻlib o‘tmoqda. Tadbirlar dasturiga muvofiq ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida O‘zbekiston-Xitoy biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda Oʻzbekistonning Mobiuz mobil operatori Xitoyning yetakchi Huawei va ZTE kompaniyalari bilan umumiy qiymati 100 million dollardan ortiq boʻlgan yangi hujjatlar toʻplamini imzoladi.
Mobiuz va Huawei oʻrtasidagi umumiy qiymati 80 million dollarlik hamkorlik shartnomasi 2024-2028 yillarda Mobiuz telekommunikatsiya tarmogʻini rivojlantirishga qaratilgan.
Unga ko‘ra, 5G/4G tarmoqlari va tegishli xizmatlarni (VoLTE, bulutli texnologiyalar va boshqalar) rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Yangi turdagi tayanch stansiyalarini aholi zich joylashgan hududlarda joylashtirish, tarmoqlar sifatini optimallashtirish va boshqarish uchun raqamli platformalarni joriy etish rejalashtirilgan. Shartnomada boshqa yo‘nalishlarda ham ish olib borilishi ko‘zda tutilgan.
Mobiuz va Huawei oʻrtasidagi 4,5 million yevrodan ortiq bitim Farg'ona vodiysida 4G LTE’ni maqsadli rivojlantirishni koʻzda tutadi. Xitoy kompaniyasi Mobiuz’ning yangi texnologik loyihasi uchun zarur uskunalar va dasturiy ta'minotni yetkazib beradi. Uni shu yilda joriy etishni boshlash rejalashtirilgan.
Mobiuz va ZTE o‘rtasidagi 20 million dollarlik hamkorlik shartnomasi kelgusi besh yil davomida operatorning telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishni nazarda tutadi.
Hujjatda turli standartlardagi tayanch stansiyalarini yetkazib berish, transport tarmog‘i va radiorele uskunalarini rivojlantirish, bulutli yechimlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda Mobiuz umumiy qiymati 150 million AQSH dollari boʻlgan yana bir investitsiya loyihasining yakuniy bosqichini amalga oshirishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Loyiha 2021-yilda xitoylik hamkorlar bilan birgalikda muvaffaqiyatli boshlangan. Uning doirasida joriy yilning mart oyida Mobiuz va Huawei 23 million AQSH dollari miqdorida uskunalar yetkazib berishga kelishib olgandi.
Uyali aloqani rivojlantirishga yo'naltirilayotgan yirik sarmoyalar Mobiuz’ga strategik rivojlanish maqsadlarini jadallashtirish imkonini beradi. Masalan, 2022-yilda Mobiuz’ning 4G LTE tarmog‘i qamrovi O‘zbekiston aholi punktlarining 90 foiziga yetdi, kompaniya abonentlarining yil davomida internetdan foydalanish ko‘rsatkichi 66 foizga oshgan. Shu bilan birga, operatorning abonent bazasi ham kengaydi – ayni paytda Mobiuz xizmatlaridan 7,1 milliondan ortiq abonent foydalanmoqda.