Biz ijtimoiy tarmoqlarda
Mobiuz abonentlari soni 7 milliondan oshdi

Mobiuz markaziy ofisida kompaniyaning yetti millioninchi abonentini sertifikat va qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mobil aloqa abonentlarini hisobga olish qoidalariga ko‘ra, Mobiuz’ning yetti millioninchi abonenti sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Gulshat Agayeva ro‘yxatga olindi. U kompaniyaga ulangan kuni mobil aloqa operatori rivojlanishi tarixida yangi sahifa ochganini xayoliga ham keltirmagandi.

“Dugonalarimning tavsiyasi bilan Mobiuz’ga ulanishga qaror qildim. Taxiatosh tumanidagi savdo shohobchalarining biriga murojaat qilib, raqam va tarifni tanladim. Oradan ma'lum vaqt o'tgach, menga Toshkentdan qo'ng'iroq qilib, Mobiuz’ning esda qolarli abonenti bo'lganimni aytishganda, ishonmadim. Faqat kompaniyaning hududiy bo‘limi vakillari bilan suhbatlashganimdan so‘ng, bu haqiqat ekaniga amin bo‘ldim”, — deb o‘rtoqlashdi G.Agayeva.

Gulshat Qoraqalpog‘istondagi bolalar ta’lim tashkilotining birida ishlaydi. Taqdirlash marosimiga u holasi bilan keldi.

Mobiuz bosh direktorining marketing va savdolar bo‘yicha o‘rinbosari Lola Filatova yetti millioninchi abonent va uning holasini ushbu voqea bilan tabrikladi. Gulshat Agayevaga tegishli sertifikat va kompaniyaning maxsus sovg‘asi – eng so‘nggi rusumdagi Apple smartfoni topshirildi.

Yetti millioninchi abonentga erishish Mobiuz uchun muhim voqeadir. Mobiuz tezkor rivojlanayotgan uyali aloqa operatori sifatida innovatsion texnologiyalar, moslashuvchan tariflar, hamyonbop xizmatlarni taklif etmoqda. 2022-yilda kompaniya o‘z faoliyatida rekord miqdordagi 2600 dan ortiq tayanch stansiyalarini ishga tushirdi, shu jumladan 5G tarmog‘ini tijoriy foydalanishga topshirdi.

Mobiuz 2014-yil 1-dekabrdan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Operator 2015-yilning noyabrida ilk millioninchi abonentiga erishgan. 2020-yil oxirida kompaniyaning abonent bazasi 3,9 million, 2021-yil oxirida esa 5 million abonentni tashkil etgandi.

Ro'yxatga qaytish