Mobiuz “Aloqada” loyihasini boshladi

Chop etish versiyasi

Mobiuz “Aloqada” loyihasini boshladi

Videoloyiha doirasida mobil aloqa operatori Texnik blokining faoliyati va rivojlanishi haqida qiziqarli ma’lumotlar bilan bo’lishib boradi.

Odamlar mobil aloqadan faol foydalanadilar, ammo u qanday tarzda yo‘lga qo‘yilishi ko'pchilik uchun noma'lum. Tayanch stansiyasi nima, texnik xodimlar tomonidan qanday ishlar amalga oshiriladi, u yoki bu hududda qachon va qancha texnik vositalar ishga tushiriladi – “Aloqada” loyihasi shu va boshqa ko‘plab savollarga javob beradi.

Loyihaning birinchi sonida suratga olish guruhi Toshkent viloyatiga tashrif buyurib, O‘zbekistondagi eng baland tayanch stansiyalaridan birining cho‘qqisiga chiqishdi. Chinoz tumanida joylashgan Mobiuz radiorele stansiyasining balandligi 85 metrni tashkil qiladi. Texnik mutaxassislar ko'tarilishi mumkin bo'lgan eng baland platforma 80 metr balandlikda joylashgan. Tasvirga olish guruhi ana shunday balandlikka ko‘tarilishni maqsad qilgan.

Videoloyiha davomida tayanch stansiyasining qabul qiluvchi va uzatuvchi uskunalari namoyish etildi. Ular Chinoz va Yangiyo‘l tumanlarining ko‘plab aholi punktlari, M-34 avtomobil yo‘lining 8 kilometrlik qismiga xizmat ko‘rsatadi hamda sifatli aloqa va internet bilan ta’minlaydi. Abonentlarga xizmat ko'rsatish uchun bunday panelli antennalar 31 metr balandlikda joylashgan.

Obyektning yana bir muhim vazifasi transport aloqasini ta'minlashdir. Toshkent shahridan kelayotgan signallar radiorele aloqa liniyalari orqali Toshkent viloyatining janubiy tumanlariga, shuningdek, Sirdaryo viloyatiga uzatiladi. Tegishli uskunalar 75 metr balandlikda joylashgan.

“Aloqada” loyihasining birinchi soni doirasida Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Eltamg‘ali” qishloq fuqarolar yig‘inidagi yangi Mobiuz tayanch stansiyasi ham namoyish etildi. U yaqinda tijoriy foydalanishga topshirilib, qishloq aholisini yuqori sifatli aloqa va 4G LTE mobil interneti bilan taʼminlash imkonini bermoqda.

“O‘zbekistonning barcha hududlarini loyihamiz bilan qamrab olishni rejalashtirganmiz. Maqsadimiz mutaxassislarimiz faoliyatini ichkaridan ko‘rsatish. Ob-havo sharoiti, joylashuv, har qanday tashqi shart-sharoitlarga qaramay, ular 24/7 rejimida aloqani ta'minlab kelmoqda. Tasvirga olish guruhi aʼzolari texnik xodimlarimiz faoliyatidagi barcha qiyinchiliklarni boshdan kechiradilar va, eng muhimi, buni imkon qadar tomoshabinlarga namoyish etadilar”, - deydi loyiha koordinatori, Mobiuz matbuot kotibi Sardor Tojiyev.

Loyihani Mobiuz Youtube-kanalida kuzatib borishingiz mumkin: (https://youtube.com/playlist?list=PLqS19kIFbDQsJl9DSUYcLGAfSwujDzFSJ).


Ro'yxatga qaytish