Biz ijtimoiy tarmoqlarda
UMS mobil operatori qanday qilib yangi mahsulotlarni ishlab chiqadi?

Iste'molchilar ishonchini oqlashga intilish, konstruktiv muloqotga tayyorlik va yuqori sifatli xizmatlar taqdim etish – UMS mobil operatori faoliyatining asosiy ustuvor yo'nalishlaridir. Bunda mobil xizmatlar bozoridagi ahvolni va raqobatchilar takliflarini tahlil qilish, eng muhimi – mijozlarning ko'ngli qanchalik to'layotgani, ularning fikri va istaklarini o'rganish  faoliyatni qay tarzda olib borishga yo'l ko'rsatadi. 

Ekspertlarning ta'kidlashicha, bugungi kunda zamonaviy kommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanuvchilar hatti-harakatidagi asosiy global tendensiya – mobil trafikni ko'p iste'mol qilayotgani hisoblanadi. Xususan, Cisconing “Tarmoq texnologiyalari rivojlanishining yaqqol indeksi: mobil trafik bo'yicha global prognoz” mavzusidagi navbatdagi hisobotiga ko'ra, 2021 yilga borib, mobil telefondan Kurrai zaminda yashovchi 5,5 mlrd odam foydalanadi. Demakki, mobil internetdan foydalanuvchilar soni ham taxminan shuncha bo'ladi. Bunda mobil Internet hajmining o'sishiga  - mobil qurilmalar , mobil aloqa, mobil videodan foydalanuvchilar soni  va  buyumlar Internetiga ulanishlarning ko'payishi,  shuningdek, ma'lumot uzatish tezligining va mobil video iste'molining ortishi kabi omillar sabab bo'ladi. Bu omillarning barchasi esa  yaqin 5 yil ichida global mobil trafikning 7 karra ko'payishiga olib keladi.

Bu kabi tendensiyalar mamlakatimiz telekommunikatsiya bozoriga ham taaluqlidir. Ya'ni mobil qurilmalarning egalari butun jahon tarmog'i xizmatlaridan tobora ko'proq foydalanishmoqda, shunga mos ravishda mobil Internet iste'moli ham ortyapti. Buni UMS kompaniyasi tomonidan o'tkazilgan marketing tadqiqotlari ham tasdiqlaydi.

Mijozlar ehtiyojiga qarab ish yurituvchi UMS kompaniyasi maqsadli auditoriya bilan ishlashda turli usullarni qo'llamoqda. Odatiy choralar, ya'ni qo'ng'iroqlarni qabul qilish va abonentlarga  call-markazdan qo'ngiroq qilib chiqish, rasmiy saytda muloqot qilish, ofislarga murojaatlar, kabi vazifalar bilan bir qatorda UMS iste'molchilar talabini o'rganish bo'yicha eng zamonaviy vositalardan faol foydalanadi. Bunday tadqiqotlar muntazam ravishda olib boriladi va abonentlar sodiqligini o'lchashning turli vektorlarini qamrab oladi.

«UMS» MCHJ tijorat direktori Sayyodjon Matkarimov jumladan shunday ta'kidladi: 

–  Iste'molchilar talabini aniqlash maqsadida UMS kompaniyasi tomonidan 2500 nafar respondent orasida o'tkazilgan so'rov natijasi shuni ko'rsatdiki, ularning 70 foizga yaqini bozorga yirik hajmdagi Internet-paketli mahsulot chiqarish zarurligini aytishdi. Buni tushunsa bo'ladi, chunki bugungi kunda mobil Internet har bir odamning hayotida ajralmas qismga aylanib qoldi.  Mijozlar takliflarini inobatga olib, biz 20 aprel kuni yangi xizmatni ishga tushirdik. Endi internet-paketlar xarid qilinganida biz ikki yarim baravar ko'proq internet-trafikni avvalgi narxda taqdim etamiz.

Kompaniyaning boshqa opsiyalari ham aholining turli qatlamlari ehtiyojlarini aks ettiradi. Shu bilan birga kompaniya turli viloyatlardagi abonentlar qiziqishini ham inobatga olib, ular uchun maqbul turli faol xizmat turlarini joriy qilib kelmoqda.

Mijozlar qoniqishi darajasini doimiy o'rganish, xizmatlar sifatini yaxshilashga intilish, yangi mahsulotlarni joriy qilish bilan bir vaqtda tarmoqni faol rivojlantirish UMS kompaniyasiga iste'molchilar talabiga mos bo'lish imkoniyatini beradi va uning yanada rivojlanishi uchun samarali usul bo'ladi. 

Ro'yxatga qaytish