2024-yil 23-dekabrdagi
№ 01/2505 – B sonli
Buyruqqa 1-sonli ilova
Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risida OMMAVIY OFERTA
08.09.2014-yildagi AA 0005149-sonli “Mahalliy, shaharlararo va xalqaro telekommunikatsiyalar tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish hamda mahalliy va shaharlararo aloqa xizmatlarini ko‘rsatish uchun”; 08.09.2014- yildagi AA 0005151-sonli “Xalqaro telekommunikatsiyalar tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatish uchun”; 08.09.2014 yildagi AA 0005152 sonli “Ko‘chma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularning xizmatlarini ko‘rsatish uchun”; 08.10.2019 yildagi AA 0006976 sonli “ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularni xizmatlarini ko‘rsatish uchun” litsenziyalar asosida faoliyatini amalga oshiruvchi “Universal Mobile Systems” mas’uliyati cheklangan jamiyati (qisqartirilgan nomi “UMS” MChJ), savdo belgisi – “MOBIUZ” (keyingi o‘rinlarda – “Operator”), mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish Shartnomasi bo‘lgan ushbu Ommaviy oferta shartlariga muvofiq unga murojaat qilgan har bir jismoniy shaxs bilan quyidagi shartlarda tuzadi:
1. Atamalar va ta’riflar. Talqin
Ushbu Shartnoma bo‘limlarining barcha sarlavhalari faqat ulardan foydalanish (ularni o‘qish) qulayligini mo‘ljallab qo‘llanildi va Shartnoma shartlari talqiniga, shuningdek mobil aloqa xizmatlarini (keyingi o‘rinlarda – aloqa xizmatlari) ko‘rsatish tartibiga hech qanday tarzda ta’sir ko‘rsatmaydi.
Ushbu Shartnoma maqsadlari uchun quyidagi atamalar va ta’riflar qo‘llanildi:
Abonent – Operator bilan Aloqa xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risida Shartnoma tuzgan jismoniy shaxs.
O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslar ota-onalar, asrab oluvchilar, vasiylarning yozma roziligi asosida Operator bilan Aloqa xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risida Shartnoma tuzishlari mumkin.
Abonent qurilmasi – mobil aloqa tarmog‘ining elementi hisoblanuvchi, Abonentga aloqa xizmatlaridan foydalanish imkonini beradigan pirovard uskuna.
Abonent qurilmasi O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan standartlarga muvofiq ushbu turdagi uskunalarga qo‘yiladigan texnik talablarga javob berishi, shuningdek O‘zR qonunchiligida ko‘zda tutilgan hollarda muvofiqlik sertifikati bo‘lishi kerak.
Abonent raqami – Aloqa xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi Shartnoma amal qiladigan davr uchun Operator tomonidan Abonentga ajratiladigan raqam.
Alohida toifadagi abonent raqami – raqamlarning muayyan izchilligi (kombinatsiyasi) bilan ajralib turadigan Abonent raqami bo‘lib, u Operator tomonidan raqamlarning har bir toifasi uchun belgilangan tarif bo‘yicha qo‘shimcha haq evaziga taqdim etiladi. Abonentga alohida toifadagi abonent raqamini taqdim etish tartibi Operator tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.
Alohida toifadagi abonent raqamini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi batafsil axborot Abonentga Operatorning o‘z ofislarida, shuningdek tegishli ma’lumotlarni Operatorning Veb-saytida joylashtirish, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish yo‘li bilan, shuningdek Operator ma’qul topgan boshqa usullarda yetkaziladi.
Ushbu Shartnoma matnida “Abonent raqami” deyilganda alohida toifadagi abonent raqamlari ham tushuniladi.
AHKT – avtomatlashtirilgan hisob-kitoblar tizimi (apparat-dasturiy kompleks) bo‘lib, u Operator bilan Abonent o‘rtasidagi hisob- kitoblar avtomatlashtirilishini ta’minlash, shuningdek ko‘rsatilgan Aloqa xizmatlari hisobini yuritish va axborotga ishlov berish uchun mo‘ljallangan.
Abonent to‘lovi – Tarif rejalarining hamda Alohida xizmatlar to‘plamlari va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish shartlariga muvofiq, Operator tomonidan Abonentdan undiriladigan to‘lov bo‘lib, u Aloqa xizmatlarining foydalanilgan hajmidan qat’i nazar, Operator belgilagan miqdorda va muddatlarda Abonentning Shaxsiy (elektron) hisobvarag‘idan chiqarib olinadi.
Bo‘nak to‘lovi – kelgusidagi hisob-kitob davri uchun Abonent tomonidan to‘la hajmda (100%) to‘lanishi kerak bo‘lgan Aloqa xizmatlari qiymati. Bo‘nak to‘lovi Abonent tanlagan Tarif rejasiga muvofiq kelgusidagi hisob-kitob davri uchun Abonent to‘lovi qiymati, tanlangan pulli Aloqa xizmatlari qiymati, jumladan Alohida xizmatlar to‘plami qiymatidan shakllanadi.
Aloqa xizmatlari uchun Hisob-kitob davri Tarif rejalarining shartlari, Alohida xizmatlar to‘plamlari va boshqa Aloqa xizmatlarining shartlari, Alohida toifadagi abonent raqamini taqdim etish shartlari bilan belgilanadi.
Operatorning Veb-sayti – Operatorning www.mobi.uz elektron manzilida joylashgan axborot resursi.
Abonent shartnomasi – Abonent bilan Operator o‘rtasida tuziladigan, shartlari Abonent Ro‘yxatga olish blankini yozma yoki elektron shaklda imzolashi orqali akseptlanadigan mobil Aloqa xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi Shartnoma bo‘lib, u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- Ommaviy oferta sifatida Operatorning saytida joylashtiriladigan, Operator bilan Abonent o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar shartlari qamrab olingan ushbu Shartnoma. Ommaviy ofertaning shartlari Operator tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi hamda Abonent tomonidan ularga to‘liq qo‘shilish orqali qabul qilinishi mumkin;
- Abonentga abonent raqami ajratilayotganda u yozma shaklda yoki elektron shaklda to‘ldiradigan hamda Abonent tanlagan tarif rejasi va u Shartnoma shartlarini qabul qilganligi qayd etiluvchi Ro‘yxatga olish blanki;
- Abonent tomonidan mustaqil ravishda tanlanadigan tarif rejasi.
Ro‘yxatga olish blanki, Tarif rejalarining shartlari, shuningdek Alohida xizmatlar to‘plamlari va boshqa Aloqa xizmatlarini taqdim etish shartlari va tartibi, jumladan Alohida toifadagi abonent raqamlarini berish shartlari va tartibi Shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi.
To‘lov kartasi – Aloqa xizmatlari uchun Dastlabki bo‘nak to‘lovi va Bo‘nak to‘lovini Operator foydasiga amalga oshirish vositasi bo‘lib xizmat qila oladigan to‘lov vositasi. To‘lov kartasi qat’iy belgilangan summa (nominal)ga ega bo‘lib, u faollashtirilgach, mazkur summa undan to‘liq yechib olinadi. To‘lov kartasidagi summa, To‘lov kartasining seriya raqami va To‘lov kartasining PIN-kodi (o‘nli raqamlar izchilligi), To‘lov kartasining amal qilish muddati kartada ko‘rsatilgan bo‘ladi.
To‘lov kartasini faollashtirish – Abonent Operator belgilagan xatti-harakatlarni amalga oshirishi yo‘li bilan To‘lov kartasidagi nominalni Abonentning Shaxsiy (elektron) hisobvarag‘iga o‘tkazish jarayoni.
Kontent – Abonentning so‘rovi asosida SMS, GPRS orqali olingan, axborot, ko‘ngilochar yoki boshqa tusdagi matnli yoxud multimedia ma’lumotlari.
Kontent-provayder – Operator tarmog‘i orqali Abonentlarga pulli kontent xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs. Kontent- provayderlar hamda ular ko‘rsatadigan Kontent xizmatlari ro‘yxati Operatorning veb-saytida, shuningdek Kontent- provayderlarning veb-saytlarida bor.
Maxfiy so‘z – Abonentning harflar va/yoki raqamlarning muayyan ketma-ketligidan iborat Shaxsiy paroli bo‘lib, Abonent telefon orqali Operatorning Ma’lumot-axborot bo‘limiga murojaat qilganda uning shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma vazifasini bajaradi. Shaxsiy (elektron) hisobvaraq – Operatorning avtomatlashtirilgan hisob-kitoblar tizimidagi tafsiliy elektron hujjat bo‘lib, Abonent foydalanilayotgan xizmatlar haqini to‘lashi uchun mo‘ljallangan. Unda Aloqa xizmatlaridan foydalanish davomida Abonent to‘lagan va sarflagan pul mablag‘lari to‘g‘risidagi axborot pul ekvivalentida saqlanadi.
Abonent to‘lagan pul mablag‘larini va ular yechib olinishini Shaxsiy (elektron) hisobvaraqda aks ettirish tartibi Operator tomonidan belgilanadi.
Alohida xizmatlar to‘plami – Tarif rejasi tarkibiga kirmagan muayyan hajmdagi Aloqa xizmatlari.
Operator ofisi – Operator Abonentlarni qabul qiladigan va ularga xizmat ko‘rsatadigan, abonentlarga oid ma’lumotlar bazasi hamda Operatorning faoliyati bilan bog‘liq barcha hujjatlar saqlanadigan va ishlov beriladigan xona, bino. Operatorning bosh ofisi va uning O‘zbekiston Respublikasi viloyatlaridagi Xizmat ko‘rsatish markazlari joylashgan manzil, ularning ish vaqti to‘g‘risidagi axborot Operatorning Veb-saytida ko‘rsatiladi va zarurat bo‘lishiga qarab (masalan, joylashgan manzil o‘zgargan va boshqa hollarda), belgilangan tartibda yangilab boriladi.
Dilerlik xizmat ko‘rsatish punkti (bundan keyin Dilerning ofisi) – mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risida Operator nomidan Shartnomalar tuzish, shuningdek o‘ziga berilgan huquqlarga muvofiq boshqa harakatlarni amalga oshirish uchun belgilangan tartibda Operator tomonidan vakolat berilgan yuridik shaxsning savdo nuqtasi. Operatorning Dilerlariga oid axborot Operatorning Veb-saytida joylashtirilgan.
Dastlabki bo‘nak to‘lovi – Shartnoma imzolanganidan keyin Operator Aloqa xizmatlarini ko‘rsata boshlashi uchun Abonent tomonidan to‘la hajmda (100%) to‘lanishi kerak bo‘lgan Aloqa xizmatlari qiymati.
Dastlabki bo‘nak to‘lovi Operator tarmog‘iga kirish imkoniyatini berish qiymati, Abonent tanlagan tarif rejasiga muvofiq birinchi hisob-kitob davri uchun Abonent to‘lovi qiymati va tanlangan pulli Aloqa xizmatlari qiymatidan tarkib topadi.
Aloqa xizmatlari uchun hisob-kitob davri Tarif rejalarining shartlari, Alohida xizmatlar to‘plamlarining va boshqa Aloqa xizmatlarining shartlari, Alohida toifadagi abonent raqamini berish shartlari bilan belgilanadi.
Abonentga Alohida toifadagi abonent raqami berilgan hollarda dastlabki bo‘nak to‘loviga Alohida toifadagi abonent raqami qiymati ham qo‘shiladi.
Alohida toifadagi abonent raqami uning haqini qismlarga bo‘lib to‘lash sharti bilan berilgan hollarda dastlabki bo‘nak to‘loviga birinchi hisob-kitob davri uchun abonent to‘lovi (oylik abonent to‘lovi bo‘yicha birinchi oy uchun abonent to‘lovi) ham qo‘shiladi. Operator qabul qilinadigan to‘lovning eng kam miqdorini belgilash huquqiga ega.
Operator tarmog‘iga kirish imkoniyatini berish – Abonentning Shaxsiy ma’lumotlariga ishlov berish va ularni Operatorning apparat-dasturiy kompleksiga kiritish borasida Operator tomonidan amalga oshiriladigan xatti-harakatlar. Abonent Dastlabki badal to‘lovini amalga oshirganidan keyin Operator tarmog‘iga kirish imkoniga ega bo‘ladi.
Radiotelefon orqali ulanish davomiyligi – bu, Operator apparaturasi chaqirilayotgan tomonning javobini aniqlagan lahzadan, toki Operator apparaturasi tomonlardan biri radiotelefon aloqasini uzganligini aniqlagan lahzagacha o‘tgan vaqt oralig‘i.
Radiotelefon orqali ulanish – birining foydalanuvchisi Abonent bo‘lgan ikki abonent qurilmasi o‘rtasida axborot almashish imkoniyatini ta’minlovchi radiotelefon aloqasi o‘rnatilishi.
Rouming (Roaming) – Abonent O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida, boshqa mamlakatda bo‘lganida Abonent Operator tarmog‘ida dastlabki ro‘yxatdan o‘tgan ma’lumotlar majburiy tartibda saqlangan holda u boshqa mobil (uyali) aloqa operatori tarmog‘iga kirishini ta’minlovchi Aloqa xizmati (xalqaro rouming).
Operatorning rouming-hamkorlari to‘g‘risidagi ma’lumot, rouming xizmatlarini ko‘rsatish shartlari Operator ofislarida va/yoki Operator Veb-saytida joylashtiriladi.
Ro‘yxatga olish blanki – Shartnomaning ajralmas qismi bo‘lib, unda Abonent Shartnoma shartlari bilan tanishganligi belgilovchi hamda Abonent ushbu Shartnomaning shartlarini to‘la-to‘kis va so‘zsiz qabul qilganligini va Abonentning shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashga roziligini tasdiqlaydi. Ro‘yxatga olish blankida Abonent to‘g‘risidagi ma’lumotlar, Abonentga berilgan abonent raqami, Abonent tanlagan Tarif rejasi va Aloqa xizmatlari ro‘yxati, to‘lovnomani yetkazib berish usuli hamda Shartnomaning boshqa muhim shartlari qayd etiladi.
Ro‘yxatga olish blanki Operator Abonentga SIM-kartani berganligini tasdiqlovchi hujjat ham hisoblanadi. Ro‘yxatga olish blanki Abonentga berilgan har bir raqam bo‘yicha rasmiylashtiriladi.
Operator tarmog‘i – Abonentga Aloqa xizmatlarini taqdim etishda yordam beruvchi texnik vositalar majmui (kommutatsiya va radio uskunalari, abonent qurilmalari, ulanish liniyalari, inshootlari va h.k.).
Tarif – Aloqa xizmatining o‘lchov birligi uchun Operator tomonidan belgilanadigan narx.
Tarif rejasi – narxlarga oid shartlar majmui bo‘lib, Operator ular asosida bir yoki bir nechta Aloqa xizmatlaridan foydalanishni taklif qiladi.
Arxiv tarif rejasi – Operator tomonidan ilgari tasdiqlangan tarif rejasi bo‘lib, yangi ulanishlar uchun yopiq bo‘ladi va unga boshqa tarif rejalaridan o‘tish imkoni bo‘lmaydi.
Aloqa xizmatlarini ko‘rsatishga oid texnik imkoniyat – Operatorning xizmat ko‘rsatish zonasida Abonentga Aloqa xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur ishlab turgan texnik aloqa vositalari va inshootlari mavjudligi.
Operator tarmog‘iga kirish uchun ruxsat berish borasidagi texnik imkoniyat – Operatorning raqam sig‘imida bo‘sh raqamlar va/yoki aloqa kanallari, shu jumladan, mavjud radiochastota resursini hisobga olgan holda radiokanallar mavjudligi.
Aloqa xizmatlari – Operator Tarmog‘iga kirish imkoniyatini berish, radiosignallar yoki ma’lumotlarni qabul qilish, qayta ishlash va jo‘natish borasida tasdiqlangan va amalda bo‘lgan Tariflarga va (yoki) Tarif rejalariga muvofiq Operator tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, shuningdek Operator o‘zining xizmat ko‘rsatish avtomatik tizimidan foydalangan holda Abonentga ko‘rsatadigan boshqa xizmatlar.
Operator Abonentga ko‘rsatiladigan Aloqa xizmatlari ro‘yxatini Operator Tarmog‘ining Texnik imkoniyatlarini hisobga olgan holda mustaqil ravishda belgilaydi.
Abonentning shaxsini tasdiqlovchi hujjat - Jismoniy shaxsning shaxsi quyidagi hujjatlar asosida aniqlanadi:
- O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari — O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti, identifikatsiya ID-kartasi;
-harbiy xizmatchilar — harbiy xizmatchining pasport ma’lumotlarini va u doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan manzilni tasdiqlovchi belgilangan shakldagi ma’lumotnoma ilova qilingan harbiy qismlar va harbiy muassasalar qo‘mondonligi tomonidan beriladigan shaxsiy guvohnomalar yoki harbiy biletlar (harbiy xizmatga majbur fuqarolarning harbiy bileti bundan mustasno);
- chet el fuqarolari — ularning milliy pasporti yoki O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi (identifikatsiya ID-kartasi) yoxud diplomatik pasporti yoki O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilinganligini tasdiqlovchi akkreditatsiya kartochkasi;
- xorijda doimiy yashayotgan va konsullik ro‘yxatida turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari — O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasporti;
- fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun — O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi, identifikatsiya ID-kartasi;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 martdagi 116-son Qaroriga muvofiq shaklda berilgan yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi.
- Ushbu shartnomani tuzish uchun electron shaklda, shu jumladan YIDPX orqali murojaat qilgan jismoniy shaxsning, abonentning shaxsini aniqlashda Operator tegishli axborot resurslari ma'lumotlaridan foydalanadi.
GPRS – (General Packet Radio Service) – ma’lumotlarni radiokanal orqali to‘plam tarzida jo‘natish aloqa xizmati.
SMS (Short Message Service) – Abonentga qisqa matnli xabarlarni Abonent qurilmasi orqali (undan foydalangan holda) yuborish va olish imkonini beruvchi Aloqa xizmati.
SIM-karta (Subscriber Identity Module) – mikrosxema o‘rnatilgan identifikatsiya moduli bo‘lib, uning yordamida Abonent qurilmasi identifikatsiyalanishi, u mobil aloqa tarmog‘iga kirishi, shuningdek abonent raqamidan ruxsatsiz foydalanishdan himoya ta’minlanadi. SIM-karta turli Abonent qurilmalariga o‘rnatilganida Abonentning tarmoqdagi barcha qaydlari va unga berilgan Abonent raqami saqlanib qoladi.
eSIM (embedded SIM) – abonent qurilmasini virtual identifikatsiyalash moduli. Uning yordamida abonent qurilmasi identifikatsiyalanishi, uning mobil aloqa tarmog‘idan foydalanish imkoniyati, shuningdek abonent raqamidan ruxsatsiz foydalanish istisno etilishi ta’minlanadi.
Abonentning SIM-kartasi/eSIM bilan bajarilgan barcha xatti-harakatlar Abonent nomidan amalga oshirilgan hisoblanadi.
SMS-shlyuz – mobil telefondan foydalanmasdan SMS xabarlar jo‘natish va olish imkonini beradigan apparat-dasturiy vosita. GSM-shlyuz – ko‘p yoki bitta kanalli mobil qurilma hamda dasturiy-texnik vosita. U internet tarmoqqa, umumiy foydalanishdagi statsionar tarmoqqa va/yoki mobil operator tarmog‘iga ulanadi hamda quyidagilarni amalga oshirish imkonini beradi:
- VoIP kanalidan har qanday kiruvchi xalqaro qo‘ng‘iroqlarni GSM tarmoqning kanallaridan biriga qayta yo‘naltirish;
- chaqiruv/SMSni tarmoq ichidagi chaqiruv/SMS sifatida yoki O‘zR hududida bo‘lgan boshqa tarmoqlarga chaqiruv/SMS sifatida tariflash uchun SIM-karta/eSIM yoxud raqamdan foydalangan holda kiruvchi xalqaro/mahalliy SMS (bir martalik parol – OTR, verifikatsiyalash SMSlari va h.k.)ni qabul qilish va qayta jo‘natish.
Abonent raqamining ko‘chib o‘tishi, MNP (Mobil Number Portability) – mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish shartnomasi asosida donor tomonidan abonentga ajratilgan abonent raqamini boshqa mobil aloqa operatori (retsipiyent) bilan yangi shartnoma tuzishda saqlash va undan foydalanish uchun amalga oshiriladigan tashkiliy-texnik tadbirlar majmui;
Ko‘chirilgan raqamlar markazlashtirilgan bazasi (bundan buyon matnda KRMB) - mobil aloqa tarmoqlarida ko‘chirilgan abonent raqamlari to‘g‘risidagi axborotni, shu jumladan, ushbu shartnomada belgilanadigan maʼlumotlarni o‘z ichiga olgan maʼlumotlar bazasini boshqaruvchi apparat-dasturiy kompleks.
Operator(provayder) Donor – mobil aloqa tarmog‘idan abonent raqami ko‘chiriladigan mobil aloqa operatori. Operator (provayder) Retsipient – mobil aloqa tarmog‘iga abonent raqami ko‘chiriladigan mobil aloqa operatori. Face ID – odamning yuz shaklini skanerlash. Tizim quyidagi maqsadlarda qo‘llaniladi:
▪ foydalanuvchining shaxsini tasdiqlah (autentifikatsiya);
▪ shaxsning haqiqiyligini tasdiqlash (verifikatsiya qilish).
Shartnomalarni tuzishda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda, qonunda yoki tomonlarning kelishuvida hujjatni o‘z qo‘li bilan imzolash talab qilingan hollarda, agar shartnoma tarafi tasdiqlash tartib-taomilini elektron raqamli imzo orqali imzolagan bo‘lsa, elektron hujjat imzolangan hisoblanadi. Face-ID imzo va elektron tasdiq sifatida tan olinadi va bu rozilikni bildiradi hamda hujjat imzolagan shaxsni identifikatsiyalash va autentifikatsiya qilish imkonini beradi.
2. Shartnoma predmeti
2.1. Operator o‘z tarmog‘ining texnik imkoniyatlarini hisobga olgan holda Abonentga Aloqa xizmatlarini ko‘rsatish majburiyatini oladi, Abonent esa, Aloqa xizmatlari haqini Shartnomada belgilangan shartlarda va tartibda to‘lash majburiyatini oladi.
2.2. Aloqa xizmatlari ko‘rsatish uchun Abonentga Ro‘yxatga olish blankida (Ro‘yxatga olish blanklarida) ko‘rsatilgan abonent raqami (abonent raqamlari) beriladi.
2.3. Tarif rejalarining shartlari, Alohida xizmatlar to‘plamlarini va boshqa xizmatlarni taqdim etish shartlari va tartibi, shu jumladan, Alohida toifadagi Abonent raqamini berish shartlari va tartibi Operator tomonidan belgilanadi hamda Operator ofislarida, Operator Veb-saytida va/yoki ommaviy axborot vositalarida joylashtiriladi.
2.4. Ushbu Ommaviy oferta barcha Abonentlarga nisbatan bir xil kuchga ega bo‘lib, Abonent bilan avvalroq tuzilgan mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma o‘rnini egallaydi. Mazkur Ommaviy oferta Kompaniya veb-saytida e’lon qilingan vaqtdan boshlab, Abonentlarga aloqa xizmatlarini ko‘rsatish mazkur Oferta shartlariga muvofiq belgilanadi. Bunda, Ro‘yxatga olish blanki imzolanishi/qayta imzolanishi talab etilmaydi.
3. Shartnomani tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish tartibi
3.1. Shartnoma tuzish uchun Abonent Operatorga o‘zining shaxsini tasdiqlovchi guvohnomasini taqdim etadi. Operator Abonentning quyidagi Shaxsiy ma’lumotlariga ishlov beradi:
- familiyasi, ismi, otasining ismi;
- tug‘ilgan sanasi;
- yashash manzili (doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan manzili);
- fuqaroligi;
- shaxsni tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari: seriyasi, raqami, berilgan sana, kim tomonidan berilgani, JShShIR;
- aloqa uchun telefon raqami;
- elektron pochta manzili (agar mavjud bo‘lsa).
Operator o‘zining dasturiy-apparat vositalaridan foydalangan holda Abonent ma’lumotlariga ishlov beradi.
3.1.1. Abonentning Shaxsiy ma’lumotlariga ishlov berish Operator tomonidan, shuningdek Operatorning topshirig‘iga ko‘ra ish tutayotgan uchinchi shaxslar tomonidan quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
- Aloqa xizmatlari uchun debitorlik qarzini undirish;
- Ro‘yxatga olish blanklari va Shartnomaga oid boshqa hujjatlarni saqlash;
- Abonentning bo‘nak tarzida kiritgan pul mablag‘larini qaytarish;
- Operator yoki Abonentning huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish hamda Shartnomani ijro etish bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan boshqa hatti-harakatlarni bajarish;
- Operator O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi uchun.
3.1.2. Abonent quyidagilarga o‘z roziligini beradi:
- Shaxsiy ma’lumotlarni to‘plash, tizimga solish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, qo‘llash, berish, tarqatish, topshirish, shaxssizlantirish, chiqarib olish, nusxa olish va yo‘q qilish yo‘li bilan Operator Abonentning Shaxsiy ma’lumotlariga ishlov berishi;
- Yuqorida aytilgan Shaxsiy ma’lumotlarga ishlov berish to‘g‘risida uchinchi shaxslarga topshiriq berilishi, shuningdek Abonent to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularga ishlov berilishi uchun uchinchi shaxslarga berilishi, jumladan uchinchi shaxslar abonentlarga xizmat ko‘rsatishi uchun ularga ma’lumotlar berilishi.
Ushbu bandga muvofiq berilgan rozilik shunday rozilikni olish zarurati O‘zbekiston Respublikasining amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarida ko‘zda tutilgan hollarga taalluqlidir.
Abonentning Shaxsiy ma’lumotlari va Abonent haqidagi axborot bazasiga kiritilgan ma’lumotlarni, shu jumladan telekommunikatsiya siri hisoblanuvchi ma’lumotlarni huquqni muhofaza qilish organlarining hamda boshqa davlat organlarining so‘roviga ko‘ra taqdim etish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
3.2. Abonent bilan Operator o‘rtasida Aloqa xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi Shartnoma yozma yoki elektron shaklda Operator Ofislarida yoki Operator Dilerining Ofislarida, mobil ilova orqali yuzning foto/video tasvirini (Face ID) roʻyxatdan oʻtkazish (rasmiylashtirish) yo‘li bilan Taraflar Ro‘yxatga olish blankini imzolashi bilan tuziladi.
Elektron shaklda shartnoma tuzishda, Abonentning shaxsini aniqlash uchun Operator tegishli axborot resurslari orqali Abonent tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlardan foydalanadi.
3.3. Tararflar tomonidan Ro‘yxatga olish blankini imzolash ushbu Shartnomani tuzish vaqti hisoblanadi, shuningdek ushbu Shartnomani tuzish uchun elektron ariza yuborilganda Operator tegishli axborot resurslari ma’lumotlaridan foydalanadi.
3.4. Yuqoridagi usullar orqali shartnoma imzolar ekan, Abonent quyidagilarni tasdiqlaydi:
a) Operator bilan Shartnomani ixtiyoriy ravishda, to‘la-to‘kis tuzayotganligi hamda uning barcha shartlarini biron-bir chegirishlar, istisnolar va/yoki cheklovlarsiz batamom qabul qilayotganligi;
b) Ko‘rsatilgan Tarif rejasining shartlari, shuningdek Alohida xizmatlar to‘plamlari yoki boshqa Aloqa xizmatlarining shartlari, jumladan Alohida toifadagi abonent raqamini berish shartlari va tartibi bilan tanishganligi hamda ularga roziligini bildiradi.
3.5. Dastlabki bo‘nak to‘lovi 3 (uch) kalendar kun mobaynida kiritilmasa, bu holat Abonent Shartnomani rad etganligini bildiradi. Basharti Dastlabki bo‘nak to‘lovi belgilangan muddat mobaynida to‘liq hajmda kiritilmagan bo‘lsa, qisman kiritilgan summa ushbu Shartnomaning 7.12-bandida ko‘zda tutilgan tartibda qaytarib beriladi.
3.6. Shartnoma shartlariga o‘zgartishlar Operator tomonidan bir tomonlama tartibda, tegishli axborotni Operatorning Veb-saytida joylashtirish, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish yo‘li bilan, shuningdek Operatorga maqbul boshqa usullarda kiritiladi. Abonent to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘zgargani munosabati bilan Shartnomaga o‘zgartishlar Operator tomonidan qo‘shimcha haq undirmasdan kiritiladi.
3.7. Abonent Shartnomani o‘zi istagan vaqtda bir tomonlama tartibda bekor qilishga haqli. Lekin Abonent bu haqda Operatorni kamida 10 (o‘n) ish kuni oldindan xabardor qilishi hamda Aloqa xizmatlari uchun Operator oldidagi mavjud qarzini uzishi shart.
3.7.1. Shartnoma bekor qilingandan keyin Аbonent raqamini Operator tarmog‘idan Operator (provayder) retsipientning tarmog‘iga ko‘chirishda abonentning shaxsiy hisob varag‘idagi mablag‘larni qaytarish Operator tomonidan ushbu shartnomaning 7.12. bandiga muvofiq amalga oshiriladi.
3.8. Operator quyidagi hollarda Shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilishga haqli:
a) Abonent Bo‘nak to‘lovini Aloqa xizmatlarini ko‘rsatish to‘xtatilgan sanadan boshlab surunkasiga 60 (oltmish) kun mobaynida amalga oshirmaganda (qarzni so‘ndirmaganda);
b) ijro uchun imkoniyat bo‘lmaganda (Operator tarmog‘iga kirish imkonini berishning yoki Abonent so‘ragan Aloqa xizmatlarini ko‘rsatishning Texnik imkoniyatidan maxrum bo‘linganda);
c) Abonent Shartnomada belgilangan Aloqa xizmatlaridan, xususan abonent raqamini GSM-shlyuz yoki SMS-shlyuz (shlyuzlar)da foydalanish qoidalarini buzganda. Bunda Abonent Operatorga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatini oladi;
d) Abonent vafot etganda;
e) davlat organining hujjati qabul qilinib, buning oqibatida Taraflar o‘z majburiyatlarini bajarishlari imkonsiz bo‘lib qolganda;
f) Abonent 90 (to‘qson) kalendar kun mobaynida mobil aloqa xizmatlaridan foydalanish huquqini beruvchi tranzaksiyalarni amalga oshirmaganda;
g) “Uyali telefon yo‘qotilganda raqamni bloklash” xizmati yoqilgan paytdan boshlab 90 kalendar kun o‘tganda;
h) Abonent Operator tarmog‘ida ovozli trafik uzatilishi tartibini buzganida;
i) Shartnomada va (yoki) qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan boshqa hollarda.
3.9. Shartnoma bekor qilingan vaqtdan boshlab, Taraflarning majburiyatlari amaldan to‘xtatilgan hisoblanadi, faqat Shartnoma bekor qilingan vaqtgacha ko‘rsatilgan, lekin haqi to‘lanmagan Aloqa xizmatlarining haqini to‘lash borasidagi Abonent majburiyatlari bundan mustasno.
4. Aloqa xizmatlarini ko‘rsatish tartibi
4.1. Aloqa xizmatlarini ko‘rsatish borasidagi Operatorning majburiyati Shartnoma imzolanib, Abonent dastlabki bo‘nak to‘lovini kiritganidan keyin yuzaga keladi.
Keyinchalik, Abonent bo‘nak to‘lovlarini o‘z vaqtida va to‘la hajmda kiritgan taqdirda, Operator Abonentga Aloqa xizmatlarini ko‘rsatishga majbur.
4.2. Abonentga ko‘rsatiladigan Aloqa xizmatlari ro‘yxati Abonent tomonidan tanlangan hamda Operator va (yoki) uchinchi shaxslarning amaldagi takliflariga muvofiq Abonent qo‘shimcha ravishda buyurtma bergan boshqa Xizmatlar, shuningdek Ro‘yxatga olish blankida ko‘rsatilgan va yangi ulanish chog‘ida avtomatik tarzda faollashadigan, tariflanmaydigan qo‘shimcha xizmatlar hisobga olingan Tarif rejasi bilan belgilanadi.
Aloqa xizmatlarining ro‘yxati Abonent qurilmasining imkoniyatlariga bog‘liq bo‘ladi.
Roumingdagi aloqa xizmatlarining ro‘yxati ham rouming operatori tarmog‘ining imkoniyatlariga bog‘liqdir.
4.3. Abonent Aloqa xizmatlaridan foydalanishi uchun unda Abonent qurilmasi bo‘lishi kerak. Bunda Operator Abonentga Abonent qurilmasini taqdim etishga majbur emas, shuningdek uning Abonent qurilmasini, apparat va dasturiy ta’minotini sozlash borasida xizmatlar ko‘rsatmaydi.
4.4. Operator Shartnoma amal qiladigan davr uchun Abonentga Operator tarmog‘iga kirish imkoniyatini ta’minlay oladigan Abonent raqami yoki Alohida toifadagi abonent raqamini, shuningdek SIM-kartani/eSIM uchun QR-kod ko‘rinishida identifikatsiya profilini taqdim etadi.
Abonentga berilgan Abonent raqami Ro‘yxatga olish blankida ko‘rsatiladi.
4.5. Aloqa xizmatlari Operator tomonidan har kuni, kecha-yu kunduz (sutkasiga 24 soat), tanaffuslarsiz ko‘rsatiladi, faqat zarur profilaktika va ta’mirlash ishlari bajariladigan vaqtlar bundan mustasno.
Quyidagi holatlar Aloqa xizmatlarini ko‘rsatishdagi tanaffus va (yoki) Aloqa xizmatlari ko‘rsatishning belgilangan muddatlarini buzish hisoblanmaydi:
a) profilaktika va ta’mirlash ishlari olib boriladigan, shuningdek yirik avariyalar yuz bergan hamda ularning oqibatlarini bartaraf etishga sarflanadigan vaqt;
b) Abonent qurilmasidagi, boshqa operatorlar tarmog‘i uskunalaridagi (shu jumladan shahar telefon tarmog‘idagi) nosozliklar. Operator tarmog‘ida yirik avariyalar yuz berib, buning oqibatida Aloqa xizmatlarini ko‘rsatish to‘xtab qolgan hollarda Operator Abonentga bu haqda, shuningdek Aloqa xizmatlari qachon yana ko‘rsatila boshlanishi to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali yoki Operatorning veb-saytida tegishli axborotni joylashtirish yo‘li bilan xabar berishi shart.
4.6. Abonentga O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan yagona raqamlarni terish orqali (jumladan raqam bloklangan vaqtda ham) kecha-kunduz istalgan vaqtda shoshilinch tezkor xizmatlarni bepul chaqirish imkoniyati ta’minlanadi. Bu raqamlar:
- 112 – shoshilinch operativ xizmatlarni chaqirish tizimi;
- 101 – o‘t o‘chirish xizmati;
- 102 – militsiya;
- 103 – tez tibbiy yordam;
- 104 – gaz tarmog‘i avariya xizmati;
- 1050 – O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi;
4.7. Operatorning Aloqa xizmatlari sifati O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan texnik normalarga mos keladi hamda Operatorga berilgan litsenziyalar talablariga javob beradi.
4.8. Abonentga ko‘rsatiladigan Aloqa xizmatlari, Operator tarmog‘ining konstruktiv xususiyatlari sababli, Operatorning vakolatlari doirasidan tashqarida bo‘lgan mahalliy simli telefon liniyalari operatorlarining uskunalari, xalqaro va shaharlararo aloqa operatorlarining uskunalari sifatiga bog‘liqdir.
4.9. Abonent maxfiy so‘zni aytib, Operatorning Ma’lumot-axborot bo‘limidan ma’lumot olishga haqli. Abonent Maxfiy so‘zni aytganida Operator unga xizmat ko‘rsatish protsedurasi to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berish majburiyatini oladi.
4.10. Quyidagi holatlar oqibatida aloqa sifati yomonlashsa yoki aloqa uzilsa, buning uchun Operator javobgar bo‘lmaydi:
a) radioto‘lqinlar tabiiy tarzda tarqalishi va ustma-ust kelib qolishi;
b) Abonent elektr uzatish liniyalari, binolar yaqini yoki ichida, yer osti yo‘llarida, yerto‘lalarda va boshqa yer osti inshootlarida turishi;
c) relef va binolarning mahalliy xususiyatlari;
d) mahalliy simli telefon liniyalari operatorlari hamda xalqaro va shaharlararo aloqa operatorlariga tegishli uskunalarning texnik tavsiflari va holati, meteorologik shart-sharoit ta’sirida;
e) Abonent nosoz (belgilangan talablarga javob bermaydigan) Abonent qurilmasidan yoki ishlab chiqaruvchi yoxud Operator bilan kelishmasdan o‘zgartirilgan yoki modifikatsiyalangan yoki sozlovlari Operator tavsiyalariga mos kelmaydigan Abonent qurilmasidan foydalanishi;
f) Operator bilan kelishmasdan o‘zgartirilgan, almashtirilgan, modifikatsiyalangan SIM-kartadan foydalanilishi;
g) eSIM Abonentning xatti-harakatlari natijasida o‘zgartirilgan, almashtirilgan, modifikatsiyalangan, shikastlangan smartfonda qo‘llanilganda;
h) Operator ta’sir ko‘rsata olmaydigan yoxud oldindan bilolmaydigan boshqa sabablar tufayli, shu jumladan ushbu Shartnomaning 4.8-bandida ko‘zda tutilgan hollarda.
4.11. Operator Abonentning so‘rovi asosida Kontent-provayder tomonidan Operator tarmog‘i orqali tarqatiladigan Kontentning sifati (taqdim etilmasligi, o‘z vaqtida taqdim etilmasligi va mazmuni) uchun javob bermaydi.
Operator uchinchi taraf yetkazib bergan va Operator tomonidan tavsiya qilinmagan amaliy dasturiy ta’minot to‘g‘ri ishlashini kafolatlamaydi, “Internet” tarmog‘ida o‘rnatilgan ma’lumotlar serverlarining doimiy ishlashi hamda Abonent qurilmasidagi amaliy dasturiy ta’minot bunday serverlarning dasturiy ta’minoti bilan uyg‘unlikda ishlashi uchun javob bermaydi.
4.12. Abonent Aloqa xizmatlaridan Shaxsiy maqsadlardagina foydalanishi shart. Bunda Abonentga quyidagilar taqiqlanadi:
a) Abonent raqami yoki Alohida toifadagi abonent raqamidan lotereyalar, ovoz berishlar, tanlovlar, viktorinalar, reklama, so‘rov o‘tkazish tadbirlari, ommaviy xat (SMS) jo‘natishlarda, qayd qilingan aloqa tarmoqlaridan, Internet-telefoniya tarmoqlaridan foydalana olish uchun va abonent uskunasining va/yoki aloqa qurilmalarining ish qobiliyati buzilishiga olib keluvchi boshqa tadbirlarni o‘tkazish uchun abonent raqamini GSM-shlyuz yoki SMS-shlyuz (shlyuzlar)ga o‘rnatish;
b) SIM-kartani uchinchi shaxslarga foydalanish uchun berish, jumladan abonent raqamini GSM-shlyuz yoki SMS-shlyuz (shlyuzlar)da foydalanish va/yoki unga bir yoxud bir nechta telefon apparatini yoki tashqi mini-ATS liniyasini ulash imkonini beruvchi boshqa qurilmalarda foydalanish;
c) o‘zining Abonent qurilmasidan dasturiy ta’minotni tarqatish maqsadida Aloqa xizmatlaridan foydalanish, IP-manzillarni hamda abonent raqamlarini soxtalashtirish, Operator va/yoki Operator bilan bog‘liq uchinchi shaxslarning tarmog‘i normal ishlashiga to‘sqinlik qiluvchi xatti-harakatlarni sodir etish, Aloqa xizmatlaridan tijoriy foydalanish maqsadida qayd qilingan aloqa tarmoqlaridan, Internet-telefoniya tarmoqlaridan foydalana olish uchun GSM-shlyuz yoki SMS-shlyuz (shlyuzlar) tashkil etish; SIM-kartadan/eSIM uchun QR-kod ko‘rinishidagi identifikatsiya profilidan uchinchi shaxslar yoki Abonent bilan o‘zaro bog‘liq shaxslar foydalanganligi Abonentni Shartnoma bo‘yicha javobgarlikdan ozod qilmaydi;
d) ushbu Shartnoma bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini Operatorning roziligisiz uchinchi shaxslarga berish (ular foydasiga voz kechish).
5. Operatorning huquq va majburiyatlari
5.1. Operator quyidagi huquqlarga ega:
5.1.1. Yangi Tarif rejalari (Xizmatlar)ni joriy etish va (yoki) Xizmatlar ko‘rsatish (Tariflar)ning amaldagi shartlariga ushbu Shartnomada ko‘zda tutilgan tartibda o‘zgartishlar kiritish orqali Aloqa xizmatlari ko‘rsatishning, shu jumladan Tarif rejalarining shartlarini belgilash.
5.1.2. Abonent Shartnoma shartlarini, jumladan Aloqa xizmatlari haqini to‘lash muddatlarini buzgan hollarda, Abonent abonent raqamini GSM-shlyuz yoki SMS-shlyuz (shlyuzlar)da foydalanayotgani belgilarini mustaqil ravishda yoki boshqa operatorlarning ma’lumotlari asosida aniqlagan taqdirda Aloqa xizmatlari ko‘rsatilishini to‘xtatib qo‘yish. Aloqa xizmatlarini ko‘rsatish bu xizmatlar haqini to‘lash muddatlari buzilgani uchun to‘xtatib qo‘yilgan bo‘lsa, Abonentning Shaxsiy hisobvarag‘ida salbiy balans yuzaga kelgan vaqtdan boshlab 60 kalendar kun mobaynida qarz uzilgan taqdirda Aloqa xizmatlari yana taqdim etila boshlanadi.
5.1.3. Abonentning Shaxsiy (elektron) hisobvarag‘idagi mavjud pul mablag‘larini Abonentning boshqa barcha Shaxsiy (elektron) hisobvaraqlaridagi qarzdorlikni so‘ndirish uchun chiqarib olish.
5.1.4. Radiotelefon orqali ulanishning maksimal davomiyligini (cheklovni) belgilash.
5.1.5. Operatorda Abonentning shaxsini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi va/yoki Abonent raqamini ulashda imzolanadigan hujjatlarning asl nusxasi, maxsus tarif rejalari ulanayotganda zarur bo‘ladigan hujjatlar bo‘lmagan taqdirda, chiquvchi qo‘ng‘iroqlar (favqulodda va ma’lumot qo‘ng‘iroqlaridan tashqari), kiruvchi qo‘ng‘iroqlar, internet, SMSni bloklash orqali xizmatlar ko‘rsatilishini qisman yoki to‘liq to‘xtatish. Bunda Abonent 10 kalendar kun oldin SMS jo‘natish orqali xabardor qilinadi.
Abonent SMS xabarni olganidan so‘ng 10 kun ichida Shaxsiy ma’lumotlari va hujjatlarini yangilash uchun Operatorning ofisiga murojaat qilishi shart. Operator Abonent yuqorida ko‘rsatilgan SMS xabarni olmaganligi uchun javobgar sanalmaydi.
5.1.6. Operator quyidagi hollarda abonentga abonent raqamini boshqa mobil aloqa operatori (provayderi) tarmog‘iga o‘tkazishni rad etishga haqli:
- abonentning operator oldida tariflar va/yoki xizmatlar bo‘yicha qarzlari bo‘lganda, “rouming” xizmati bundan mustasno;
- abonent shaxsiy ma’lumotlarining ishonchsizligi holatida. Bunda ishonchlilik KRMBdan so‘rovda kelib tushgan shaxsiy ma’lumotlarning donor va abonent o‘rtasidagi mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlar bilan mosligi bilan aniqlanadi;
- blokirovka holatda bo‘lsa;
- abonentda Operator oldida mobil aloqa xizmatlarini ko'rsatish Shartnomasi bo'yicha majburiyatlari bo‘lganda;
-q onun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
5.2. Operatorning majburiyatlari quyidagilardan iborat:
5.2.1. Ushbu Shartnoma amal qiladigan davr uchun Abonentga Abonent raqami va (yoki) Alohida toifadagi Abonent raqami, SIM- karta/eSIM uchun QR-kod ko‘rinishidagi identifikatsiya profilini taqdim etish.
5.2.2. Abonentga sifati vakolatli organlar belgilaydigan parametrlarga (ulanish, ma’lumot jo‘natish, aloqani uzish borasida), shuningdek Operator tarmog‘ida qo‘llaniladigan standartning texnik normalariga mos keluvchi Aloqa xizmatlarini ko‘rsatish.
5.2.3. Abonent O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan vaqtda unga Aloqa xizmatlarini ko‘rsatish.
5.2.4. Abonentga Operator ko‘rsatadigan Aloqa xizmatlari haqida to‘g‘ri axborot berish.
5.2.5. Aloqa xizmatlari ko‘rsatilishi davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish.
5.2.6. Abonentga qonunchilikda ko‘zda tutilgan tartibda axborot-ma’lumot xizmatlarini ko‘rsatish.
5.2.7. Operator O‘zbekiston Respublikasining va xorijiy davlatlarning boshqa aloqa operatorlari bilan tegishli Shartnomalar tuzgan bo‘lsa, Abonentga bu tarmoqlar abonentlari bilan radiotelefon orqali ulanishni ta’minlash. Ushbu shart faqat Abonent mazkur xizmatni mustaqil faollashtirgan taqdirda yoki agar bu xizmat Abonent tanlagan Tarif rejasiga kiritilgan bo‘lsa, kuchga egadir.
5.2.8. Aloqa xizmatlari haqi to‘lanmagani uchun Operator tarmog‘idan uzib qo‘yilgan Abonentni uning Shaxsiy hisobvarag‘ida salbiy balans yuzaga kelgan vaqtdan boshlab 60 kalendar kun ichida foydalanilgan Aloqa xizmatlari haqini to‘lashga doir qarzlar tugatilib (so‘ndirilib), Abonent tanlagan Tarif rejasiga muvofiq miqdorda bo‘nak to‘lovi kiritilgach, Operator tarmog‘iga ulash.
5.2.9. Abonentning Shaxsiy ma’lumotlarini himoyalash choralarini ko‘rish hamda Abonent to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlash borasida qonun hujjatlarida belgilangan boshqa talablarga rioya etish.
5.2.10. Abonentga shoshilinch tezkor xizmatlarni kecha-kunduz bepul chaqirish imkonini berish, shuningdek mobil aloqa tarmog‘i qo‘llanilayotgan standartning texnik normalariga muvofiq radioqamrov hududida ishlashini ta’minlash.
Tarmoqning radioqamrov hududi, bu – Aloqa xizmatlari ko‘rsatishning texnik imkoniyatlari mavjudligi Operator tomonidan tasdiqlangan hududdir.
5.2.11. Аbonent belgilangan tartibda raqam ko‘chirish xizmatidan foydalanganda abonent raqamining (MNP) Donori yoki Retsipient bo‘lish.
6. Abonentning huquq va majburiyatlari
6.1. Abonent quyidagi huquqlarga ega:
6.1.1. Mazkur Shartnoma shartlariga binoan Aloqa xizmatlaridan foydalanish.
6.1.2. Operator ofislari, Operator Dilerining ofislari, ularning ish vaqti va Operator ko‘rsatadigan Aloqa xizmatlari to‘plami haqidagi zarur va to‘g‘ri ma’lumotlardan foydalanish.
6.1.3. Tarif rejasini, ko‘rsatilayotgan Aloqa xizmatlari ro‘yxatini, Operatorning texnik imkoniyatlarini hisobga olgan holda, Operator belgilagan tartibda o‘zgartirish.
6.1.4. Operator tarmog‘iga ulanishda, O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida, ushbu Shartnomada belgilangan shartlar va tartibda, Operator talablariga muvofiq tarzda Abonent qurilmasidan foydalanish.
6.1.5. O‘ziga Aloqa xizmatlari ko‘rsatishni to‘xtatish to‘g‘risida Operatorni o‘z tashabbusi bilan xabardor qilish.
6.1.6. O‘z huquqlarini shaxsan o‘zi yoki qonunga muvofiq yoxud qonunda belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonchnoma asosida ish olib boruvchi o‘z vakili orqali amalga oshirish.
Abonentning SIM-kartasi qo‘yilgan Abonent qurilmasi vositasida amalga oshirilgan barcha xatti-harakatlar Abonent nomidan sodir etilgan hisoblanadi.
6.1.7. Qonunchilikda belgilangan hamda ushbu Shartnomada va Operator saytida ko‘rsatib o‘tilgan raqamni ko‘chib o‘tish shartlarga muvofiq Abonent Operator (provayder) Retsipiyent tarmog‘iga ko‘chib o‘tishida unga Operator tomonidan ajratilgan abonent raqamini saqlash va undan foydalanish imkoniyatiga ega.
6.1.8. Abonent raqamini abonent shartnomasi dastlabki tuzilganidan boshlab 90 (to‘qson) kalendar kuni o‘tganidan keyin Operator Donordan Operator Retsipientga ko‘chirishni amalga oshirish imkoniyatiga ega.
6.2. Abonentning majburiyatlari quyidagilardan iborat:
6.2.1. Aloqa xizmatlaridan foydalana boshlashdan oldin Aloqa xizmatlarining dolzarb ro‘yxati, Tarif rejalari, Aloqa xizmatlari uchun tariflar (shu jumladan Roumingdan foydalanganda qo‘llaniladigan Aloqa xizmatlari tariflari) va boshqa qo‘shimcha ma’lumotlar bilan tanishish.
6.2.2. O‘zbekiston Respublikasida belgilangan standartlarga javob beradigan Abonent qurilmasidan uni ishlab chiqaruvchining foydalanish bo‘yicha yo‘riqnomasiga muvofiq foydalanish. Bunda quyidagilar hisobga olinishi kerak:
a) muayyan hududda (aeroport, samolyot, antenna maydoni, metropoliten va h.k.) amalda bo‘ladigan alohida farmoyishlar va qoidalar;
b) halaqitlar yoki xavfli vaziyat yuzaga kelishi ehtimoli bor holatlardagi cheklovlar tibbiyot muassasalari, texnik xizmat ko‘rsatish stansiyalari, yonilg‘i saqlanadigan va ortiladigan hududlar, portlash ishlari olib borilayotgan joylar va h.k.
Operator bu cheklovlar va talablar to‘g‘risida Abonentni xabardor qilishga majbur emas.
6.2.3. Abonent ma’lumotlarini (familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi (doimiy va/yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan manzili), pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat seriyasi va raqami, JShShIR) identifikatsiyalash maqsadida Abonent Operatorga o‘zining shaxsni tasdiqlovchi amaldagi guvohnomasini ko‘rsatishi shart.
6.2.4. Aloqa xizmatlari haqini Shartnoma shartlariga binoan hisob-kitoblarning amaldagi tartibi, tanlangan Tarif rejasi, Alohida xizmatlar to‘plamlarini taqdim etish shartlari hamda sotib olinayotgan Aloqa xizmatlari hajmiga muvofiq o‘z vaqtida va to‘la hajmda to‘lab borish.
6.2.5. Operatorga hujjatlar bilan tasdiqlangan Shaxsiy ma’lumotlarni, shuningdek bank rekvizitlarini, amalda yashayotgan manzilini, pochta indeksi ko‘rsatilgan pochta manzilini, vaqtincha yoki doimiy ro‘yxatdan o‘tgan manzilini, elektron pochta manzilini (agar mavjud bo‘lsa), shuningdek Shartnoma ijro etilishi uchun kerakli boshqa ma’lumotlarni Shartnoma tuzilayotganda Operatorga zarur bo‘ladigan hajmda taqdim etish.
Ushbu bandda ko‘rsatilgan ma’lumotlar o‘zgargan taqdirda shunday o‘zgarishlar kuchga kirgan sanadan boshlab 15 (o‘n besh) kalendar kun mobaynida Operatorga yangi ma’lumotlarni yozma shaklda shaxsan taqdim etish.
Operator yangi ma’lumotlar to‘g‘risidagi axborotni olgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan e’tiboran, Aloqa xizmatlari Abonentning pochta manzili haqidagi yangi ma’lumotlardan foydalangan holda ko‘rsatiladi.
6.2.6. SIM-karta/eSIM uchun QR-kod ko‘rinishidagi identifikatsiya profilini yo‘qolgani to‘g‘risida darhol Operatorning Call- markazi orqali xabar berish va shundan so‘ng Operator yoki Dilerning ofislaridan biriga yozma ariza taqdim etish.
Abonent ushbu shartlarga rioya qilmagan taqdirda, Operator Abonentning SIM-karta/eSIM uchun QR-kod ko‘rinishidagi identifikatsiya profili yo‘qolgani sababli xizmalardan foydalanishni to‘xtatish to‘g‘risida yozma arizasini olgunicha ulardan foydalanish natijasida Operator ko‘rsatgan xizmatlarga haq to‘lanishi uchun Abonent javobgar hisoblanadi.
6.2.7. SIM-kartada/eSIMda shifrlangan va Operatorning tijorat siri hisoblanuvchi axborotni uchinchi shaxslar ololmasligini ta’minlash, SIM-karta/eSIMdagi shifrlangan ma’lumotlar bilan mustaqil ravishda quyidagi xatti-harakatlarni amalga oshirmaslik hamda uchinchi shaxslarga ham bunday imkoniyatni bermaslik: axborotni o‘zgartirish, chiqarib olish, nusxa ko‘chirish, ko‘paytirish, tarqatish, boshqa axborot tashish vositalariga o‘tkazish, boshqa huquqqa qarshi xatti-harakatlar.
6.2.8. SIM-kartaning/eSIM uchun QR-kod ko‘rinishidagi identifikatsiya profilining dublikatlarini tayyorlamaslik, shuningdek uchinchi shaxslar tomonidan shunday harakatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik. Abonent bu majburiyatni bajarmagan taqdirda, uning aybi bilan Operator va u bilan bog‘liq shaxslar ko‘rgan zararlarni Abonent to‘lashga majbur bo‘ladi.
6.2.9. Maxfiy so‘z to‘g‘risidagi axborot oshkor etilmasligi va sir saqlanishini ta’minlash. Maxfiy so‘z vositasida amalga oshirilgan har qanday xatti-harakat Abonentning o‘zi – maxfiy so‘z egasi tomonidan sodir etilgan hisoblanadi. Maxfiy so‘zni tiklash, o‘zgartirish yoki undan voz kechish uchun Abonent Operator ofisiga shaxsan murojaat qilishi shart. Maxfiy so‘z bekor qilingan hollarda Abonentning shaxsni tasdiqlovchi hujjati asosida xizmat ko‘rsatiladi.
6.2.10. Abonent raqamidan GSM-shlyuz yoki SMS-shlyuz (shlyuzlar)da foydalanilgan taqdirda vakolatli davlat organlari Abonent raqamidan GSM-shlyuz yoki SMS-shlyuz (shlyuzlar)da foydalanilgani uchun Operatordan undirgan jarima summasi Abonent tomonidan to‘liq qoplanishi kerak.
6.2.11. Abonent raqami (SIM-karta/ eSIM) bilan ishlatiladigan abonent qurilmasining turini ko‘rsatish.
7. Aloqa xizmatlarining tariflari va hisob-kitob qilish tartibi
7.1. Tarif rejalarining shartlari, Alohida xizmatlar to‘plamlarining va boshqa Aloqa xizmatlarining tariflari, jumladan Alohida toifadagi abonent raqamini berish shartlari va tartibi, shuningdek radiotelefon orqali ulanish davomiyligi, Aloqa xizmatlari narxlari birligi hamda to‘liqsiz narxlash birligi uchun haq to‘lash tartibi Operator tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.
7.2. Tarif rejalari (Tariflar)ning shartlariga o‘zgartishlar Operator tomonidan bir tomonlama tartibda kiritiladi. Bu haqdagi tegishli ma’lumot Operatorning veb-saytida yoki ommaviy axborot vositalarida joylashtiriladi yoxud Operator uchun maqbul bo‘lgan boshqa usulda Abonentlarga yetkaziladi.
Tarif rejalari (Tariflar)ning shartlariga kiritilgan o‘zgartishlar tegishli axborot Operatorning veb-saytida joylashtirilganidan (e’lon qilinganidan) keyin 15 (o‘n besh) kun o‘tgach kuchga kiradi.
7.3. Aloqa xizmatlarining tariflari Operator tomonidan O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasi – so‘mda belgilanadi. Ko‘rsatilgan Aloqa xizmatlari uchun barcha to‘lovlar (dastlabki bo‘nak to‘lovi, bo‘nak to‘lovlari, mavjud qarzni so‘ndirish uchun to‘lovlar) O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasi – so‘mda amalga oshiriladi va Abonentning Shaxsiy (elektron) hisobvarag‘ida aks ettiriladi.
Aloqa xizmatlari uchun to‘langan, hisobdan chiqarilgan pul mablag‘larini Abonentning Shaxsiy (elektron) hisobvarag‘ida aks ettirish tartibi Operator tomonidan belgilanadi.
7.4. Aloqa xizmatlari qiymati qo‘shilgan qiymat solig‘ini ham o‘z ichiga oladi.
7.5. Abonent Operatorga quyidagi to‘lovlarni amalga oshiradi:
7.5.1. Abonent to‘lovi;
7.5.2. Operator tarmog‘ida radiotelefon orqali chiquvchi ulanishlar va boshqa operatorlarning raqamlariga radiotelefon orqali chiquvchi ulanishlar;
7.5.3. Ma’lumot uzatish tarmog‘i bo‘yicha ulanishlar (aloqa seanslari) (keyingi o‘rinlarda – aloqa seanslari);
7.5.4. Roumingda radiotelefon orqali chiquvchi va kiruvchi ulanishlar;
7.5.5. Chiquvchi SMSlar;
7.5.6. Boshqa xizmatlar, shu jumladan Kontent-provayderlar va/yoki boshqa uchinchi shaxslar tomonidan Operator tarmog‘i orqali taqdim etiladigan xizmatlar.
7.6. To‘lov radiotelefon orqali ulanishlar/aloqa seanslarining davomiyligiga hamda radiotelefon orqali ulanish/aloqa seansining tegishli turiga qarab, Aloqa xizmatlarini ko‘rsatish vaqtida amalda bo‘lgan Tarif bo‘yicha amalga oshiriladi.
7.7. Abonent Aloqa xizmatlari haqini quyidagi tartibda to‘lash majburiyatini oladi:
a) dastlabki bo‘nak to‘lovi Taraflar Ro‘yxatga olish blankini imzolagan vaqtdan boshlab 3 (uch) kalendar kun mobaynida. Dastlabki bo‘nak to‘lovi kiritilmasligi Abonent ushbu Shartnomani bajarishni rad etganligini bildiradi;
b) kelgusida Aloqa xizmatlarining haqi tanlangan Tarif rejasining shartlariga va Aloqa xizmatlaridan qanday hajmda foydalanish kutilayotganiga qarab, Bo‘nak to‘lovlarini kiritish yo‘li bilan to‘lanadi.
7.8. Abonent to‘lov usulini mustaqil ravishda tanlaydi. Bu usullar quyidagicha bo‘lishi mumkin: Operator Ofisidagi bank kassasiga naqd pul kiritish, To‘lov kartasini faollashtirish, to‘lovlarni qabul qilish vakolati berilgan To‘lov agenti orqali, O‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish terminallari (infokiosklar) orqali, elektron (chakana) to‘lovlar tizimlari vositasida naqd pulsiz hisob-kitob qilish yo‘li bilan, shu jumladan bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda to‘lash.
7.9. Operatorning AHKTda hisoblangan summalar, Abonent Aloqa xizmatlaridan foydalangani sayin, Operator belgilagan tariflarga va Abonent tanlagan tarif rejasi shartlariga muvofiq, Abonentning Shaxsiy (elektron) hisobvarag‘idan Abonent foydalangan Aloqa xizmatlari hajmiga mutanosib miqdorda avtomatik tarzda yechib olinadi.
7.10. Abonentning Shaxsiy (elektron) hisobvarag‘ida salbiy balans yuzaga kelganda Operator Abonentga Aloqa xizmatlari ko‘rsatilishini to‘xtatib turishga, jumladan davom etayotgan suhbatni uzib qo‘yishga haqli.
7.11. Abonentning Shaxsiy (elektron) hisobvarag‘idagi mablag‘larni u foydalanayotgan Aloqa xizmatlari miqdorida darhol yechib olishning imkoni bo‘lmaydigan hollarda foydalanilgan Aloqa xizmatlari uchun hisoblangan to‘lovlar kechiktirilgan rejimda to‘planadi. Agar Abonent Shaxsiy (elektron) hisobvarag‘ining balansi to‘plangan summalar qayta hisoblanganidan keyin salbiy ko‘rsatkichga ega bo‘lsa, Abonent Operator oldidagi bunday qarzdorlikni bahs-munozarasiz qarzdorlik deb tan oladi.
7.12. Ushbu Shartnoma bekor qilingan taqdirda, foydalanilmagan va Abonentning Shaxsiy (elektron) hisobvarag‘ida turgan summa Abonentning tegishli yozma arizasi olingan sanadan e’tiboran 15 (o‘n besh) kalendar kuni ichida Operator tomonidan Abonentning bank hisobvarag‘iga naqdsiz shaklda quyidagi tartibda qaytariladi:
a) agar to‘lovlar Shaxsiy (elektron) hisobvaraqqa Abonentning o‘zidan tushgan bo‘lsa – Abonentning bank hisobvarag‘iga. Bunday hollarda Abonentning arizasida uning bank rekvizitlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak;
b) agar Operator Abonentning Shaxsiy (elektron) hisobvarag‘iga to‘lovlar uchinchi shaxslardan tushganligini aniqlasa, u holda mablag‘lar qoldig‘i Abonentning Shaxsiy (elektron) hisobvarag‘iga amalda pul tushirgan shaxslarga qaytariladi. Bunda Abonent Operatorga o‘sha shaxslar tomonidan yozilgan va ularning bank rekvizitlari ko‘rsatilgan arizani taqdim etishi zarur;
c) agar Operator Shaxsiy (elektron) hisobvaraqdan Abonent mablag‘larni, jumladan uchinchi shaxslardan olingan mablag‘larni to‘plash (“elektron hamyon”) uchun foydalanayotganligini aniqlasa, Operator quyidagicha ish tutishga haqli:
- mazkur Shartnomani ijro etish bilan bog‘liq o‘z xarajatlarini qaytarilishi kerak bo‘lgan summadan uning 4% miqdorida (bank xarajatlari, to‘lov agentlarining xizmatlari uchun xarajatlarni) ushlab qolish. Operator o‘zining bank va to‘lov agentlarining xizmatlari bo‘yicha chiqimlari o‘zgarishiga qarab, ushlanma miqdorini o‘zgartirishi mumkin;
- 26.08.2004 yildagi “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi 660-II-sonli O‘zR Qonuniga muvofiq tegishli tekshiruv o‘tkazish uchun maxsus vakolatli organga so‘rovnoma yuborish.
Abonentning Shaxsiy (elektron) hisobvarag‘ida qolgan (sarflanmagan) summa O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasi – so‘mda qaytariladi.
Shartnoma bekor qilinadigan hollarda:
a) Operator tarmog‘iga kirish imkoni berilgani uchun to‘lov qaytarilmaydi;
b) o‘tkazilayotgan aksiyalar doirasida Operator tomonidan taklif qilingan bonuslar pul ekvivalentida to‘lanmaydi;
c) sotib olingan, lekin faollashtirilmagan To‘lov kartalarining nominali pul ekvivalentida to‘lanmaydi;
d) Abonent qurilmasi Operator tomonidan sotib olinmaydi;
e) agar Alohida toifadagi abonent raqami olingan bo‘lsa, bunday raqamni tanlash xizmati uchun to‘langan mablag‘ qaytarilmaydi.
7.13. Abonent Operator bilan tuzilgan Shartnoma amal qiladigan muddat mobaynida Operatorga yozma ravishda murojaat qilib, foydalanilgan Aloqa xizmatlari hamda Shaxsiy (elektron) hisobvaraqdan sarflangan mablag‘lar haqidagi batafsil ma’lumotlarni Operator belgilagan tariflar bo‘yicha olishga haqli.
Shaxsiy (elektron) hisobvaraqdagi sarflanmagan pul mablag‘lari to‘g‘risida ma’lumot Abonentga bepul beriladi.
7.14. Abonent ushbu Shartnoma shartlariga muvofiq ko‘rsatilgan, lekin haqi to‘lanmagan Aloqa xizmatlari uchun Operator tomonidan hisoblangan barcha summalarni so‘zsiz e’tirof etadi.
7.15. Abonentning Aloqa xizmatlari haqini to‘lash borasidagi majburiyatlari bajarilishini ta’minlash maqsadida uchinchi shaxs (kafil) bilan kafillik Shartnomasi (Operator tasdiqlagan namunaviy shaklda) tuzilishi mumkin. Bu Shartnomaga ko‘ra, uchinchi shaxs (kafil) Abonentning Aloqa xizmatlari haqini to‘lash borasida Operator oldidagi majburiyatlari bo‘yicha javob berish majburiyatini oladi. Operator va Abonentning kafil bilan munosabatlari kafillik Shartnomasi shartlari hamda kafillik to‘g‘risida amalda bo‘lgan qonun hujjatlari normalariga muvofiq tartibga solinadi.
7.16. Abonent Operator uning Shaxsiy (elektron) hisobvarag‘idagi mavjud pul mablag‘larini Abonentning boshqa barcha Shaxsiy (elektron) hisobvaraqlaridagi qarzdorlikni so‘ndirish uchun yoki avvalgi Shartnomalar bo‘yicha mavjud qarzdorlikni so‘ndirish uchun chiqarib olishiga o‘z roziligini beradi.
8. Taraflarning javobgarligi
8.1. Operator ushbu Shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim tarzda bajarmagan taqdirda, Abonentning talabiga ko‘ra, Abonent talab qilgan sanadan boshlab 20 kundan kechikmay, kamchiliklarni bepul bartaraf etishi shart.
8.2. Abonent SIM-kartani/eSIM uchun QR-kod ko‘rinishidagi identifikatsiya profilini yo‘qotib qo‘ygan taqdirda (yo‘qotsa, o‘g‘irlatsa va boshqa hollarda) toki Operator Abonentdan SIM-karta/eSIM uchun QR-kod ko‘rinishidagi identifikatsiya profili yo‘qolgani va unga xizmat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida yozma ariza olguniga qadar, yo‘qolgan SIM-karta/eSIM uchun QR-kod ko‘rinishidagi identifikatsiya profilidan foydalanish bilan bog‘liq Aloqa xizmatlari haqini to‘lash majburiyati Abonent zimmasida bo‘ladi. Toki Operator SIM-karta/eSIM profili yo‘qolgani to‘g‘risida xabardor qilinguniga qadar, Abonentning yo‘qolgan SIM- kartasi/eSIM profili bilan bajarilgan barcha xatti-harakatlar Abonent nomidan sodir etilgan hisoblanadi.
8.3. Abonent telekommunikatsiya sohasidagi faoliyatni tartibga soluvchi talablar va normalar, ushbu Shartnoma shartlari buzilgani, shu jumladan Operatorning SIM-kartasi/abonent qurilmasining eSIM virtual identifikatori GSM-shlyuz yoki SMS- shlyuz (shlyuzlar)da foydalangani uchun javobgar bo‘ladi. Bunday hollarda Abonent Operatorga yetkazilgan zararni to‘lashi shart. Abonent o‘zining abonent raqamidan GSM-shlyuz yoki SMS-shlyuzlarda foydalangan hollarda agar vakolatli davlat organlari Abonent raqamidan GSM-shlyuz yoki SMS-shlyuzlar (shlyuzlar)da foydalanilgani uchun Operatordan jarima undirsa Abonent jarima summasini Operatorga to‘lab berishi kerak.
8.4. Operator Abonentning Shaxsiy ma’lumotlari to‘g‘risidagi axborotdan foydalanish tartibi buzilgan holatlar uchun amaldagi qonunchilikda ko‘zda tutilgan tarzda javob beradi.
8.5. Tariflardagi o‘zgarishlar to‘g‘risida Shartnomada ko‘zda tutilgan tartibda Operator tomonidan tarqatilgan ma’lumotni Abonent olmagani, shuningdek Operator yuborgan xatlar, e’tiroznomalar va boshqa hujjatlar Operatorga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra Abonentga yetib bormagani uchun Operator javobgar bo‘lmaydi.
8.6. Abonent olinmay qolgan foyda tarzida ko‘rgan zarar qoplanishi uchun Operator javob bermaydi.
8.7. Abonent tomonidan oldindan berilgan buyurtma asosida Operatorning tarmog‘i orqali kontent-provayder tarqatadigan kontent yetkazib berilmagani yoki kechikib yetkazib berilgani, uning mazmuni va sifati uchun Operator javobgar bo‘lmaydi.
8.8. eSIM faollashtirilganda va undan foydalanilganda Operator Abonent qurilmasi uchun javobgar bo‘lmaydi.
9. Korrupsiyaga qarshi kurashish shartlari
9.1. Tomonlar ushbu shartnomani tuzish orqali, shartnoma tuzilishi vaqtida, shartnoma amal qilish muddatida va bu muddat tugaganidan keyin shartnoma bilan bog‘liq korrupsiyaga oid harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini oladilar.
9.2. Tomonlar ushbu shartnomaning korrupsiyaga qarshi kurashish shartlarida belgilangan korrupsiya haqida ogohlantirish shartlariga amal qiladilar va ushbu qoidalarga rioya qilish bo‘yicha hamkorlikni ta’minlaydilar.
9.3. Tomonlarning har biri ushbu shartnoma tuzilishida O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid ravishda pul mablag‘lari, moddiy boyliklar berilmaganligi, shartnomani tuzish uchun norasmiy pul mablag‘lari yoki boshqa moddiy boyliklar olinishiga yo‘l qo‘yilmaganligi, taklif etilmaganligi, va’da qilinmaganligi, shuningdek moddiy yoki boshqa istalgan shakldagi imtiyozlar, afzalliklar (kelajakda shunga o‘xshash harakatlarni amalga oshirish ehtimoli bilan bog‘liq tasavvur qolmaganligi) olinmaganligini kafolatlaydi.
9.4. Agar tomonlardan biri ikkinchi tomon ushbu shartnomaning 9.1-9.3-bandlarida ko‘rsatilgan majburiyatlar buzilganligi to‘g‘risida xabardor bo‘lsa, bu haqida darhol ikkinchi tomonga xabar berishi va ikkinchi tomondan oqilona muddat ichida tegishli choralarni ko‘rishni, shuningdek ko‘rilgan choralar to‘g‘risida ma'lumot berishi kerak.
Agar bir tomon boshqa tomonning iltimosiga binoan oqilona muddat ichida tegishli choralarni ko‘rmagan yoki ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida xabardor qilmagan bo‘lsa, boshqa tomon shartnomani to‘xtatib qo‘yishga, shuningdek ushbu shartnomani bir tomonlama bekor qilishga va zararni to‘liq qoplashni talab qilishga haqlidir.
10. E’tirozlarni ko‘rib chiqish va nizolarni hal etish tartibi
10.1. Operator ushbu Shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim tarzda bajarmagan hollarda Abonent Operatorga yozma e’tiroz bildirishi mumkin. Bu e’tiroznomaga uni ko‘rib chiqish uchun zarur hujjatlar, jumladan Operator o‘zining Shartnomaviy majburiyatlarini buzganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi kerak.
10.2. Abonent Aloqa xizmatlaridagi kamchiliklar bilan bog‘liq o‘z e’tirozlarini shunday xizmatlar ko‘rsatilgan vaqtdan boshlab 6 (olti) oydan kechikmay taqdim etishi lozim.
10.3. Operator e’tiroznoma olingan kundan boshlab o‘n besh kunlik muddat ichida unga javob qaytarishi shart. E’tiroznomaga javob buyurtma yoki qimmatbaho xat bilan, telegraf, teletayp orqali, shuningdek u jo‘natilgani qayd etilishini ta’minlovchi boshqa aloqa vositalaridan foydalangan holda yuborilib, bu haqda Abonentga xabar beriladi yoxud Abonentga topshirilib, bu haqda undan tilxat olinadi.
10.4. Uchinchi shaxslar Operator tarmog‘iga ruxsatsiz kirish yo‘li bilan Aloqa xizmatlaridan foydalanishi natijasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda Operator telefon so‘zlashuvlari kim tomonidan amalga oshirilganligini aniqlash uchun belgilangan tartibda ichki texnik tekshiruv o‘tkazish huquqiga ega.
10.5. Ushbu Shartnomaning ijrosi bilan bog‘liq barcha nizolar va kelishmovchiliklarni Taraflar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga hamda ushbu Shartnoma shartlariga muvofiq hal qiladilar.
Taraflar o‘zaro kelishuvga erisholmagan nizolar va kelishmovchiliklar Operator joylashgan manzildagi sudlarda ko‘rib chiqiladi. Sudga murojaat qilishdan oldin suddan oldingi e’tiroz bildirish tartibiga rioya etilishi shart.
10.6. Abonentning qarzdorlik pul summalarini undirish notariusning ijro xatiga asosan qonunchilikda belgilab qo’yilgan tartib va shartlarda amalga oshirilishi mumkin.
11. Boshqa shartlar
11.1. Ushbu Shartnomada ko‘zda tutilmagan barcha holatlarda Taraflar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga tayanadilar.
11.2. Taraflar ushbu Shartnomani bajarish bilan bog‘liq yoki undan kelib chiquvchi barcha xabarlar, bildiruvnomalarni bir- birlariga Shartnomada va Ro‘yxatga olish blankida ko‘rsatilgan manzillar bo‘yicha yuborishlari kerak.
11.3. Ushbu Shartnoma matni o‘zbek tilida tuzildi.
12. Operatorning manzili va bank rekvizitlari
«UMS» MChJ
O‘zbekiston Respublikasi,
100000, Toshkent sh., Amir Temur shoxko‘chasi, 24 H/r: 2021 4000 3003 8198 4001
Bank: AT “Aloqabank” Operatsion boshqarmasi Bank kodi: 00401
STIR: 303020732
OKED: 61200
tel: (+998) 97 130 09 09, 0890