Mobiuz delegatsiyasi MWC Shanghai 2026 xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda
2026-yil 23-iyun — Mobiuz mobil operatori delegatsiyasi mobil va aloqa industriyasi sohasida Osiyodagi eng yirik tadbir — MWC Shanghai 2026 ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun Shanxayga (Xitoy) yo‘l olmoqda.
Tadbir 24–26-iyun kunlari Shanxay yangi xalqaro ko‘rgazma markazida (SNIEC) bo‘lib o‘tadi. Unda soha rivoji istiqbollarini muhokama qilish uchun dunyoning yetakchi operatorlari, qurilma ishlab chiqaruvchilari va texnologik liderlari jam bo‘lishadi.
Bu yilgi forumning bosh mavzusi inson g‘oyalari va sun’iy intellekt (AI) imkoniyatlari integratsiyasiga bag‘ishlangan «The IQ Era» (Intellekt davri) bo‘ladi. Ekspertlar va ishtirokchilar telekommunikatsiya sohasida AI-texnologiyalarini joriy etish hamda yangi avlod tarmoqlarini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratadilar.
Ishtirokdan maqsad
Uch kunlik sermazmun dastur davomida Mobiuz vakillari quyidagilarni rejalashtirgan:
· Ilg‘or trendlarni va telekom sohasiga sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish.
· Tarmoq infratuzilmasini modernizatsiya qilish masalalarida xorijiy hamkorlar va vendorlar bilan muzokaralar o‘tkazish.
· O‘zbekiston bozorida tatbiq etish uchun texnologik yangiliklar bilan tanishish.
Mobiuz Shanxaydagi kongress maydonlaridan eng qiziqarli yangiliklar va insaytlarni tezkorlik bilan ulashib boradi. Yangiliklarni kompaniyamizning rasmiy resurslarida kuzatib boring.