Biz ijtimoiy tarmoqlarda

Mobiuz Cisco‘ning ilg‘or sun’iy idrok yechimlari asosida tarmoq xavfsizligini kuchaytiradi

Mobiuz mobil aloqa operatori delegatsiyasi Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan yirik Cisco Connect 2026 texnologik forumida ishtirok etib, Cisco bilan kelgusidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi.

18–19-may kunlari Londonda mintaqaning eng yirik texnologik forumlaridan biri – Cisco Connect 2026 UK & Ireland bo‘lib o‘tdi. Bu kompaniyaning IT rahbarlar, texnologik direktorlar va aloqa operatorlari uchun har yili o‘tkaziladigan asosiy forumidir. Bu safar tadbirning asosiy mavzusi xavfsiz ulanish va raqamli barqarorlik uchun sun’iy idrokga asoslangan yechimlarga bag‘ishlandi.

Forum doirasida Mobiuz delegatsiyasi innovatsion yechimlar va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish istiqbollari muhokamalarida qatnashdi. Unda dunyoning yetakchi aloqa operatorlari tomonidan qo‘llanilayotgan Cisco‘ning asosiy yechimlari taqdim etildi. Ular orasida:

Cisco Predictive Networks – noodatiy jarayonlarni nosozlikka aylanishidan avval aniqlaydigan va trafikni avtomatik ravishda qayta yo‘naltiradigan o‘z-o‘zini sozlovchi tarmoqlar texnologiyasi.

Cisco AI Defense – sun’iy idrok yordamida kibertahdidlardan himoya qiluvchi kompleks yechim.

Splunk + Cisco ThousandEyes – nosozlik sabablarini bir necha daqiqada aniqlash imkonini beruvchi ma’lumotlarni kuzatish va tahlil qilish platformasi.

Cisco Multicloud Defense – multibulutli muhitlarda xavfsizlikni boshqarishning yagona tizimi va boshqa yechimlar ko‘rsatildi.

Forum doirasida O‘zbekistonning Mobiuz mobil aloqa operatori hamda tarmoq texnologiyalari va kiberxavfsizlik sohasidagi jahon yetakchisi Cisco (AQSh) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Hujjat hamkorlikdagi ishlarning strategik yo‘nalishlarini belgilab beradi: tarmoq infratuzilmasiga sun’iy idrokka yanada kengroq joriy etish, tarmoq boshqaruvini avtomatlashtirish, kiberxavfsizlikni rivojlantirish va multibulutli muhitlarni barpo etish. Bu har bir Mobiuz abonentining aloqa sifati va xavfsizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi yo‘l xaritasidir.

Mobiuz va Cisco kompaniyalari ko’p yillardan buyon hamkorlik qilib kelmoqda. Cisco tarmoq uskunalari operatorning IT-infratuzilmasida “Mission Critical” rejimida, ya’ni uzilishlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan sharoitda ishlaydi.

2021-yilda Mobiuz uskunalarni tezkor ravishda almashtirishni, kecha-yu kunduz texnik yordam ko‘rsatishni va dasturiy ta’minotni avtomatik yangilashni kafolatlaydigan «Cisco SMARTnet Total Care» servis shartnomasiga o‘tgan edi.

Cisco bilan imzolangan memorandum Mobiuz uchun sun’iy idrok tarmoqlari va kiberxavfsizlik sohasidagi eng ilg‘or jahon tajribalaridan foydalanish imkoniyatini ochadi. Yaqin vaqt ichida kompaniyalar yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kirishadi va ularning natijalarini har bir abonent o‘zida his etadi: aloqa yanada barqaror, ma’lumotlar almashinuvi yanada tezroq va shaxsiy ma’lumotlar himoyasi yanada ishonchli bo‘ladi.

Ro‘yxatga qaytish