Mobiuz axborot xavfsizligiga ustuvor ahamiyat bermoqda
Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislarning maxsus bo‘linmasi zamonaviy dasturiy ta’minotdan foydalangan holda IT infratuzilmasini kecha-yu kunduz kuzatib boradi va kibertahdidlardan himoya qilmoqda.
Faqatgina 2025-yilning o‘zida mutaxassislarimiz tomonidan 10 mingdan ortiq turli darajadagi DDoS-hujumlar, shu jumladan 180 dan ortiq jiddiy hujumlar muvaffaqiyatli qaytarildi. 68 mingdan ortiq fishing havolalari va firibgarlik saytlari bloklandi, tarmoq infratuzilmasiga ruxsatsiz kirishga bo‘lgan 3 ta urinishning oldi to‘liq olindi.
Ushbu faoliyat bu yili ham davom ettirilmoqda. Xususan, joriy yilning fevral oyida xavfsizlik tizimlari monitoringi davomida kompaniyaning asosiy tizimlarga ulanmagan sinov serverlaridan biriga ruxsatsiz kirish aniqlandi. Server qo‘shimcha izolyatsiya qilindi, bu esa hodisani chegaralash imkonini berdi.
Abonentlar haqidagi ma’lumotlar, ularning shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlari saqlanadigan tizimlar to‘liq himoyalangan hududda joylashgan. U yerga hech qanday kirish izlari topilmadi. Xizmatlar faoliyati buzilmagan, mijozlarning shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqmagan.
Hozirgi vaqtda kompaniya mas’ul organlar bilan hamkorlikda hodisani batafsil tekshirishni davom ettirmoqda va axborot tizimlari himoyasini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar majmuasini amalga oshirmoqda.