Biz ijtimoiy tarmoqlarda
Mobiuz raqamli xizmatlar turini kengaytirmoqda

Abonentlar masofadan turib kompaniyaga ulanishi, SIM-kartani almashtirishi, raqamni “muzlatib" qo‘yishi va boshqa xizmatlardan foydalanishi mumkin.

Mobiuz mobil operatori onlayn xizmatlar turlarini kengaytirmoqda. Avval faqatgina kompaniya ofislarida yoki tijorat hamkorlarining savdo nuqtalarida ko‘rsatilgan xizmatlar hozirda raqamli ko‘rinishda kiritilmoqda. Bu aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, abonentlarning vaqtini sezilarli darajada tejash va ularning raqamli imkoniyatlarini kengaytirish imkonini bermoqda.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) bilan birgalikda eSIM texnologiyasi orqali Mobiuzga masofaviy ulanish xizmati joriy etilgan.

my.gov.uz orqali ulanish uchun ushbu havolaga o‘tib, tizimga kirish, kerakli ma’lumotlarni to‘ldirish, raqam va tarif rejasini tanlash kifoya. To‘lov amalga oshirilgan va shaxsiy ma’lumotlar muvaffaqiyatli tekshirilgandan so‘ng, arizachi eSIM profilini smartfonga yuklab olish uchun maxsus QR-kodga ega bo‘ladi.

Mobiuzga masofaviy ulanish xizmati operatorning korporativ veb-saytida ham ushbu havola orqali mavjud. Yagona portaldan farqli o‘laroq, abonent birinchi navbatda raqam va tarif rejasini tanlashi va shundan keyingina shaxsiy ma’lumotlarini kiritishi mumkin.

Kompaniya amaldagi abonentlarini ham unutgani yo‘q. Ular endi oddiy SIM-kartalarini masofadan turib eSIMga almashtirishi mumkin.

Amalda, bu xizmat abonentlar uchun juda foydali bo‘lgan holatlar ko‘p. Masalan, eSIMni qo‘llab-quvvatlaydigan yangi smartfon sotib olgan abonent uning imkoniyatlarini sinab ko‘rmoqchi bo‘ladi. Yoki jismoniy SIM-karta yo‘qolgan yoki “ko‘yib” qolganda, abonent raqamni tiklatgani ofisga borishga vaqt topolmasligi mumkin. Asosiysi, chet elda bo‘la turib, oddiy SIM-karta O‘zbekistonda unutib qoldirilsa, uni eSIM shaklida masofadan turib olish mumkin.

Mobiuz shuningdek, raqamni “muzlatib qo‘yish” va ma’lum muddat saqlab turish imkonini beruvchi “Raqamni saqlash” xizmati imkoniyatlarini kengaytirdi.

Endi xizmat yanada moslashuvchan bo‘lib, nafaqat kunlik tarzda, balki 3, 6 yoki 12 oyga belgilangan narxlarda taqdim etiladi. Masalan, agar abonent chet elga bir yilga ketayotgan bo‘lsa, u bir marta 49 ming so‘m to‘lab, 12 oy davomida raqamini “muzlatib” turishi mumkin. Xizmatni istalgan vaqtda USSD-buyruqlari yordamida ulash yoki o‘chirish mumkin.

Mobiuzning yangi takliflari haqida batafsil ma’lumot kompaniya saytining “Yangiliklar” bo‘limida joylashtirilgan.

Ro'yxatga qaytish