Biz ijtimoiy tarmoqlarda
Fuqaro murojaati tezkor ravishda ko‘rib chiqildi

2024-yil 10-yanvar kuni “ANTIKORRUPSIYA/rasmiy kanal” Telegram-kanalida Mobiuz tayanch stansiyasi haqidagi murojaatga javoban quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Mobiuz mobil aloqa operatorining maqsadi aholini sifatli aloqa va internet bilan ta’minlashdir. Bunda tegishli hududlarda tayanch stansiyalari o‘rnatilishi, mobil telefonlarga kelayotgan signallarni barqarorlashtirish, abonentlarning sifatli xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish nazarda tutiladi.

O‘zbekiston Respublikasi hududidagi Mobiuz mobil operatorining turli standartlardagi minglab tayanch stansiyalari ishlamoqda. Ular, shu jumladan, bevosita aholi yashaydigan hududlarda, barcha normativ hujjatlar talablariga mos ravishda o‘rnatilgan. O‘rnatilish talablari bajarilganda tayanch stansiyasidan chiqadigan elektromagnit to‘lqinlari aholi salomatligiga zarar ekanligi hech qanday asoslarga ega emas.

Farg‘ona viloyati, Quvasoy shahri, Valik mahallasida o‘rnatilgan antenna-machta qurilmasi yer uchastkasiga egalik qiluvchi fuqaro hamda Mobiuz mobil operatori tomonidan o‘zaro tuzilgan shartnomaga asosan barpo etilgan.

Har qanday texnik obyektni o‘rnatish va ishga tushirishdan avval mobil aloqa operatori chuqur loyihalashtirish asosida tegishli tashkilot va organlardan ruxsatnomalar oladi. Xususan, obyekt bo‘yicha hududiy Elektromagnit moslashuv markazi, “Uzkomnazorat” inspeksiyasi, kadastr bo‘limi va boshqa davlat idoralaridan berilgan hujjatlar mavjud.

Hozirda Valik mahallasida o‘rnatilgan texnik obyekt faqat antenna-machta qurilmasidir, ya’ni unga hali texnik uskunalar va tayanch stansiyalari o‘rnatilmagan. O‘rnatilgandan so‘ng viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan obyekt 0019-21-sonli “Radiotexnik inshootlarni joylashtirish va ulardan foydalanishga qo‘yiladigan gigiyenik talablar” O‘zbekiston Respublikasi SanQvaNi talablariga mosligi bo‘yicha tekshiruvlar olib boriladi. Me’yorlarga mosligi tasdiqlangandan keyin obyektga sanitar pasporti beriladi.

Murojaat yuborgan fuqaro (texnik obyekt o‘rnatilgan hudud egasining qo‘shnisi) bilan Mobiuz kompaniyasi vakillari bir necha marotaba uchrashishgan, tegishli tushuntirish ishlari olib borishgan hamda barcha hujjatlarni taqdim etishgan. 11-yanvar kuni ham mutaxassislar tegishli davlat organlari vakillari bilan Valik mahallasida uchrashuv o‘tkazishdi va tushuntirish ishlarini olib borishdi.

Mobil aloqa va internet – asr insonlari uchun eng muhim va zaruriy ehtiyojlaridan biridir. Uning yordamida yaqinlarimiz bilan doimiy aloqada bo‘lamiz, yangiliklarni kuzatamiz, bilimimizni oshiramiz, turli xil ko‘ngilochar mashg‘ulotlar bilan kayfiyatimizni ko‘taramiz... Mobiuz mobil operatori Valik va atrofdagi mahallalar aholisini bunday extiyojlarini qondirish maqsadida mahalla hududida tayanch stansiyasini ishga tushirishga bel bog‘lagan.

Ro'yxatga qaytish