Biz ijtimoiy tarmoqlarda
Mobiuz mobil operatori 2021-yil yakunlarini sarhisob qilmoqda

Kompaniya texnik va tijoriy rivojlanish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirib, joriy yilgi rejalarini muvaffaqiyatli bajardi.

2021-yil boshida abonentlarning dolzarb savollariga javob berish doirasida Mobiuz rahbariyati mobil aloqa operatori 4G tarmoqlarini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berishini ta'kidlab o‘tgandi. Bundan tashqari, 5G hamda eSIM texnologiyasini joriy etish masalasi ham o‘rganib chiqilishi ta'kidlangandi.

Rejalarni amalga oshirish maqsadida shu yilning birinchi yarmida 4G LTE tarmoqlari ehtiyojlarini qondirish uchun GSM chastotalari qayta taqsimlandi. Qisqa vaqt ichida O‘zbekistonda 700 dan ortiq tayanch stansiyalari yangilandi. Natijada, avval faqat oldingi avlod tarmoqlari qamrab olgan hududlarga LTE tarmoqlari kirib bordi.

Yilning ikkinchi yarmida Xitoy Xalq Respublikasi bilan yirik sarmoyaviy loyihani amalga oshirish boshlandi. 2021-2024 yillarga mo‘ljallangan texnik rivojlanish doirasida Mobiuz tarmog‘ini modernizatsiya qilish va yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlandi.

2021-yilda Mobiuz texnik jamoasi 2200 dan ortiq 4G LTE tayanch stansiyalarini muvaffaqiyatli ishga tushirdi, shundan 1500 dan ko‘prog‘i investitsiya loyihasi doirasida o‘rnatildi.

Tayanch stansiyalarini modernizasiya qilish va qurish bo‘yicha barcha ishlar tarmoq infratuzilmasini rivojlantirish bilan birga olib borilmoqda. Xususan, katta hajmdagi ma'lumotlarni uzatish trafigini oshirish uchun transport tarmog‘ini kengaytirish va yangilash amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda Mobiuzning ilk 5G tayanch stansiyalari Toshkent shahrida o‘rnatildi. 1-dekabr'da kompaniyaning 7 yilligi munosabati bilan beshinchi avlod tarmoqlari sinov tariqasida ishga tushirildi. Ularni 2022-yilda to‘liq ishlashi uchun tayyorgarlik olib borilmoqda.

2021-yil aprel oyida Mobiuz O‘zbekiston mobil aloqa operatorlari ichida birinchi bo‘lib eSIM orqali raqamlarni ulash xizmatini ishga tushirdi. Texnologik yangilik abonentlar orasida tezda mashhurlikka erishdi va telekommunikasiya xizmatlarini rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berdi.

Tijoriy rivojlanish borasida ham muvaffaqiyatga erishildi. Bu yil kompaniya abonentlari soni 5 milliondan oshdi va hozirda o‘sishda davom etmoqda. Mobiuz qulay tarif rejalari va xizmatlari, shuningdek, yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatishi sababli abonentlar mehrini qozonmoqda.

2021-yilda kompaniyaning xizmat ko‘rsatish shartlari yaxshilangan Mobi 25 va 30+ tarif rejalari ommaga taqdim yetildi. Oyiga bor-yo‘g‘i 8 ming so‘m abonent to‘lovi bo‘lgan “Yengil” tarifi doim amal qiladigan tariflar qatoridan joy oldi. Kompaniyaning tug‘ilgan kuni munosabati bilan “Mobiuz 7 yil” tarifi kutilmagan yangilik bo‘ldi.

“Mobi” tariflar turkumi, “Gap Yo‘q”, “Gap Yo‘q Pro”, “O‘qituvchi 1”, “O‘qituvchi 2”, “Fidokor”, “Fidokor+” tariflarining daqiqa va megabayt hajmlari keskin oshirildi. Chet ellik mehmonlarning fikr va takliflarini inobatga olgan holda “Tourist SIM 90” va “Tourist SIM 120” tarif rejalari joriy etildi. Shuningdek, korporativ mijozlar uchun yangi mahsulotlar – “Corporate 40” va “Corporate 60” tariflari ishga tushirildi.

Abonentlar tanlovini kengaytirish uchun kompaniya 2021-yilda o‘nlab yangi prefikslarni ishga tushirdi. Deyarli butun yil davomida kompaniyaning chiroyli raqamlari, jumladan, premium toifalari uchun turli chegirmalar amal qildi va hozir ham amal qilmoqda.

Bu yili uzoq kutilgan Mobi Music musiqa xizmati ishga tushirildi. Kompaniya abonentlari minglab xorijiy va mahalliy musiqalardan cheksiz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Mobiuz yirik pul va boshqa sovrinlarni yutib olish imkoniyatiga ega aksiyalarni o‘tkazish an'anasini davom ettirmoqda. Joriy yilning fevral oyida “Mobiuz bilan baxtli millionlar” aksiyasi bo‘yicha 1 million so‘mdan 350 million so‘mgacha sovrinlarni qo‘lga kiritgan 113 nafar abonent aniqlandi. Dekabr' oyida 980 million so‘m mukofot jamg‘armasi va Dubayga sayyohatlar yutib olish imkonini beradigan "Orzular uchun millionlar" aksiyasi boshlandi. Uning ilk g‘oliblari 31-dekabr' kuni aniqlanadi.

2022-yilda Mobiuz taqdim etilayotgan xizmatlar sifati va turlarini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni davom ettiradi. XXR bilan investitsiya loyihasini amalga oshirish, yangi texnologik yechimlarni joriy etish, mahsulot va xizmatlarni yangilash kompaniya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘ladi.

Ro'yxatga qaytish