Mobiuz mobil aloqa tarmog‘ini keng ko‘lamli modernizasiya qilmoqda

Chop etish versiyasi

Kompaniya Xitoy Xalq Respublikasining Eksport-import banki hamda o‘z mablag‘lari hisobidan texnik rivojlanishga 150 million AQSh dollari yo‘naltirmoqda.

Mobiuz mobil tarmog‘i texnologik uskunalarini to‘liq modernizasiya qilish bo‘yicha loyiha O‘zbekiston Respublikasi tomonidan xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, xorijiy sarmoyalarni jalb etish yo‘nalishida olib borilayotgan siyosatning yorqin namunasidir.

Xususan, 2019-yilning aprel' oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi bo‘lib o‘tdi. XXR Raisi Si Szin'pin bilan uchrashuvda O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoyalar, innovasiyalar va texnologiyalarni jalb qilishda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, turli sohalarda yangi qo‘shma hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish istiqbollari muhokama qilindi.

Davlat rahbarining tashrifidan so‘ng, ikki mamlakat o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri boshchiligida maxsus ishchi guruhi tuzildi. 2019-yil avgustida O‘zbekiston hukumat delegasiyasining Xitoyga tashrifi chog‘ida kelishuvlar to‘plami imzolandi. Ular qatorida Mobiuz uchun Xitoyning krediti hisobiga 150 million AQSh dollari miqdoridagi investisiya loyihasi ham bor.

Ushbu mablag‘lar Mobiuz tayanch stansiyalari jihozlarini zamonaviyga to‘liq almashtirish, 4G LTE tarmog‘i qamrovini kengaytirish, transport tarmog‘i va kommutasiya tizimini rivojlantirishni, aloqa va mobil Internet sifatini yaxshilashni, yangi texnologiyalarni, shu jumladan 5G ni joriy qilishni nazarda tutadi. Belgilanishicha, ajratilgan mablag‘lar dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchisi – Huawei kompaniyasining zamonaviy telekommunikasiya uskunalari va texnologiyalarini xarid qilishga sarflanadi.

2020-yilning aprel oyida Mobiuz mobil aloqa operatorining investisiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 196-sonli qarori qabul qilindi. Unda investisiyalarni jalb qilish va ulardan foydalanish mexanizmlari, investisiya loyihasi ishtirokchilarining ulushlari va XXR Eksport-import banki ajratgan kredit mablag‘larini qaytarish tartibi belgilangan.

Keyingi bir yil davomida Mobiuz tomonidan xorijiy investisiyalarni o‘zlashtirishni boshlash uchun zarur hujjatlar to‘plamini tayyorlash va imzolash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenta qoshidagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy banki, Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi va Huawei Technologies Co. Ltd o‘z amaliy yordamlarini ko‘rsatdilar.

Hozirgi vaqtda investisiya loyihasi bo‘yicha erishilgan kelishuvlarga muvofiq, tayanch stansiyalar va boshqa texnologik uskunalarni tasdiqlangan jadvalga muvofiq yetkazib berish boshlandi.

Umuman olganda, Mobiuz tarmoqni modernizasiya qilish va yangi texnologiyalarni joriy etish loyihasini 3 yil ichida kompaniyaning barcha kuch va mablag‘larini jalb qilgan holda yakunlash rejalashtirilganyu Bu ovozli xizmatlar va mobil Internet sifatini yanada yaxshilash, 4G tarmog‘i qamrovini oshirish, hatto chekka hududlarda ham ma'lumotlarni uzatish tezligi sezirarli darajada yuksaltirishga xizmat qiladi. O‘z navbatida, 4G qamrov zonasining kengayishi kompaniya abonentlariga mobil texnologiyalar va raqamli xizmatlardan, shu jumladan, sog‘liqni saqlash, ta'lim, elektron tijorat sohalarida foydalanishga ko‘mak beradi. 5G tarmoqlarini joriy etish va rivojlantirish esa "Raqamli O‘zbekiston – 2030” Strategiyasini joriy etishga va raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirishga xizmat qiladi.


Ro'yxatga qaytish