Biz ijtimoiy tarmoqlarda
UMS Mobiuz savdo belgisi ostida faoliyat yuritadi

2-dekabr kuni Toshkentda Mobiuz brendining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. UMS mobil operatori endi aynan shu nom ostida faoliyat yuritadi. 

Rasmiy marosimda so‘zga chiqqan kompaniya Bosh direktori Sobir Aripov 2018-yilning yakunida davlat rahbariyati tomonidan kompaniyaga bir qator muhim vazifalar yuklatilganligini ta’kidlab o‘tdi. Ushbu vazifalar mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish jarayonlari bilan bog‘liq. Natijada mobil operator nafaqat aloqa xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan, balki yangi faoliyat turlari bilan ham shug‘ullanmoqda. UMS brendini har tomonlama tahlili shuni ko‘rsatdiki, kompaniya o‘zining uzoq muddatli strategiyasini ro‘yobga chiqarish uchun transformatsiya qilinishi, har tomonlama o‘zgartirilishi zarur. 

«Mutlaqo yangi Mobiuz brendining asosida mehr ko‘rsatish yotadi. Faolitimizda maqsadli auditoriyaning iloji boricha ko‘proq ehtiyojlarini qondirishga e’tibor qaratamiz. Natijada abonentlar va mijozlar nafaqat kutilgan mobil aloqa va Internet xizmatlaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi, balki o‘zaro bog‘liq innovatsion mahsulotlardan ham bahra olishadi», - deya ta’kidladi operatorning tijorat direktori Lola Filatova.

Brendning tashqi ko‘rinishi ham shundan kelib chiqadi. Hususan, 

u shakllarning oddiyligi hamda kompaniya yaratuvchanlikka intilayotganligini o‘zida namoyon qiladi. Mobiuz ning asosiy ranglari – oq va qizil uyg‘unligi. Logotip ikkita qismdan iborat – birinchisi bevosita Mobiuz yozuvi, ikkinchisi esa «i» harfidan taralayotgan va tobora kengayib borayotgan nur. Uning chegarasi yo‘q, ya’ni bu bilan kompaniya istiqbol, yaratuvchanlik hamda cheksiz imkoniyatlarga urg‘u bermoqchi.

Taqdimotda ta’kidlab o‘tilganidek, yangi savdo belgisiga o‘tish e’lon qilinishidan oldin respublika bo‘yicha maxsus tashqi reklama materiallari joylashtirilgan. “Yonib yashang!” nomini olgan ushbu reklama kampaniyasida qiyofasiga nur taralib turgan turli yoshdagi har xil kasb egalari namoyon bo‘lgan. Ular o‘z kasbi, ishi, faoliyati, yaqinlariga g‘amho‘rligi bilan ilhomlanib, yonib yashashadi. Bunday nur har birimizda bor – Mobiuz o‘z brendi orqali barchaga shuni namoyon qiladi hamda kompaniya qadriyatlariga urg‘u beradi. Reklamaning ikkinchi bosqichida buni yaqqol ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Rebrending – bu nafaqat tashqi qiyofa va o‘zini namoyon qilishni o‘zgartirish, balki abonentlarning ehtiyojlarini qondira oladigan rivojlanishni ham nazarda tutadi. Shunday ekan, tadbirda kompaniyaning hozirgi yutuqlari va rivojlanish rejalari haqida ham so‘z bordi.

Hususan, shu kunlarda operator noyob «AvtoMOBI» aksiyasini e’lon qiladi – kompaniya abonentlari 14 ta Nexia-3 hamda super yutuq – Malibu avtomobillarini yutib olishlari mumkin bo‘ladi. Kompaniya mutaxassislari Mobiuz mobil ilovasi ustida ish olib borishmoqda – u ham tez orada taqdim etiladi. “Mobil hamyon” servisi hamda video va musiqani ichiga olgan platformani ishga tushirish ham kompaniyaning istiqbolli rejalarida bor.

«Mazkur yilda kompaniya viloyatlarda 4G LTE tarmog‘ini ishga tushirdi, xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida billing tizimini yangilash ishlari olib borilmoqda, tashqi Internet-kanal yanada kengaymoqda. Jizzax viloyatida Ma’lumotlarga ishlov berish markazini qurish hamda xalqaro Internet-kanalga bevosita chiqish loyihalarini amalga oshirishga tayyorgarlik ketmoqda», - deya ta’kidladi kompaniya texnik direktori Olga Filatova.

Mobiuz taqdimoti mobil operatorni bosqichma-bosqich o‘zgartirish harakatlarining boshlanishi bo‘ldi. Shu kunlardan boshlab va kelasi yillarda kompaniya abonentlar va mijozlarga mehr ko‘rsatadi hamda ularni raqamli imkoniyatlardan foydalanishga ilhomlantiradi.

Ro'yxatga qaytish