Biz ijtimoiy tarmoqlarda
UMS va Khan Academy O‘zbek uzoq muddatli hamkorlikni boshladi

UMS mobil operatori Khan Academy O‘zbek onlayn ta’lim platformasining rasmiy hamkoriga aylandi.

UMS kompaniyasi O‘zbekistonda ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda: bu borada Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlik haqida kelishuv imzolandi, o‘qituvchilar uchun maxsus imtiyozli tarif rejalar joriy qilindi, bir qator axborot-ta’lim resurslariga megabaytlarni sarflamasdan kirish imkoniyati yaratildi.

Bu orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning uchinchi tashabbusini, ya’ni aholi va yoshlar kompyuter texnologiyalari hamda Internetdan samarali foydalanishini tashkil etish masalasini ro‘yobga chiqarishda amaliy natijalarga erishilmoqda. 
Kompaniya boshlagan yo‘lini davom ettirar ekan, Khan Academy O‘zbek bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Maqsad – mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodga dunyo standartlariga mos qo‘shimcha bepul masovafiy ta’lim olishga ko‘maklashishdan iborat. Shuningdek, platforma davlat tili haqidagi qonun qabul qilinganligining 30 yilligi arafasida ishga tushganligi bejizdan emas – u o‘zbek tili maqomini yanada oshishirishga xizmat qiladi. 

Khan Academy Uzbek – «Bilim Onlayn» NNMning O‘zbekistonda amalga oshirayotgan loyihasi. U Khan Academy xalqaro bepul ta’lim platformasini o‘zbek tiliga o‘girishga qaratilgan. Minglab multimedia materiallari – matematika, tarix, fizika, kimyo va boshqa ko‘plab fanlardan leksiyalar davlat tiliga tarjima qilinmoqda va bepul foydalanish uchun taqdim etilmoqda. Loyihaga O‘zbekistonlik va chet ellik o‘nlab xayrixohlar jalb qilingan.

«Khan Academy O‘zbek bilan hamkorlik – UMS mobil operatorining korporativ ijtimoiy javobgarlik loyihasidir. Biz platformaga moliyaviy yordam ko‘rsatmoqdamiz. Bundan tashqari, barcha UMS abonentlari ushbu platformadan foydalanayotganda mobil Internet trafigi sarflanmasligi ta’minlanadi. Mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarning bilimlarini oshirishda bevosita ishtirok etayotganimizdan juda ham mamnunmiz», - deya ta’kidladi “UMS” MChJ Tijorat direktori Lola Filatova.

Platformadan har qanday vaqtda va har qanday joyda (xoh bu shahar yoki chekka qishloq bo‘lsin) foydalanish mumkin. Bilim olishni xohlagan har qanday inson tizimdan ro‘yxatdan o‘tishi va foydalanishni boshlashi mumkin. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, platforma ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan bolalar fanlarni o‘zlashtirishiga katta yordam berib kelmoqda. Eng muhim jihati esa – u foydalanuvchilar uchun har doim bepul bo‘lgan va bepul bo‘lib qoladi.

«Khan Academy O‘zbek loyihasi ustida ishni boshlaganimizda jamiyatning bundan ta’limga katta qiziqish bildirayotganligini va mamlakatimiz uchun dolzarbligini tushundik. Yirik hamkorlarimiz orasida UMS operatori borligidan juda ham mamnunmiz. Kompaniya loyihaga katta qiziqish bildirdi va shunga yarasha qo‘llab-quvvatlashni boshladi. Barcha hamkorlarimiz – davlat tashkilotlari, moliyaviy, tijorat tuzilmalari, jismoniy shaxslar bilan birgalikda katta natijalarga erishishimizga ishonchimiz komil», - dedi Khan Academy O'zbek loyihasi asoschisi Botir Orifjonov.

Aytib o‘tish joizki, UMS kompaniyasi davlatimiz rahbarining uchinchi tashabbusi hamda “UMS” MChJni 2019-2021 yillarda rivojlantirish Konsepsiyasi doirasida aholini sifatli Internet bilan ta’minlash loyihalari ustida ish olib bormoqda. Khan Academy Uzbek platformasini qo‘llab-quvvatlash ham bu ishlarning uzviy qismi bo‘lib, o‘quv jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishni jadallashtiradi.

Ro'yxatga qaytish