Biz ijtimoiy tarmoqlarda
UMS turistlar uchun tarif rejalarini ishga tushirdi

UMS mobil operatori uyali aloqa operatorlari o'rtasida birinchi bo'lib O'zbekistonga kirib kelayotgan horijiy turistlar uchun maxsus tarif rejalarini tijoriy foydalanishga topshirdi. Yangi tarif rejalari kompaniyaning rasmiy hamkori Uzbekistan Pass onlayn servisi ochilish marosimida taqdim etildi.

O'zbekiston turistik sohasi jadal rivojlanishi uchun ohirgi davrlarda ko'plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Sohani tubdan isloh qilish jarayonlari mamlakatimizga kelayotgan turistlar sonini ko'paytirish va ular uchun qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi. Hususan, turizm bozori ishtirokchilariga soliq imtiyozlarini berilgani, yakka tartibda va guruh bo'lib sayyohlik qilish shartlari engillashgani, vizasiz va engillashtirilgan viza rejimlari joriy qilingan mamlakatlar soni kengaygani, narxlari tushirilgan yagona turistik vizani joriy qilingani va boshqa choralarni bu boradagi ishlar qatoriga kiritish mumkin.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustda imzolagan “2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida” gi Qaroriga muvofiq Uzbekistan Pass onlayn servisini ishga turilishi ham ushbu islohotlarning yorqin ko'rinishidir. Ushbu servis mehmonxonalarga oldindan buyurtma berish, turistik marshrutlarni tanlash, avia- va temir yo'l chiptalari, turpaketlarni onlayn tarzda xarid qilish, transfer xizmatlari va avtotransportni ijaraga olish, diskont (chegirmalar) dasturi, kunu-tun turistlarni qo'llab-quvvatlash kabi xizmatlarni o'z ichiga olgan.

UMS Uzbekistan Pass servisining rasmiy hamkorlaridan biridir. Bu bejizdan emas. Chet eldan kelayotgan mehmonlar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish mobil aloqa sohasiga ham bevosita bog'liq. Xalqaro tajribadan kelib chiqadigan bo'lsak, u yoki bu mamlakatga kelgan turistlar nisbatan qimmat rouming xizmatidan foydalanishadi yoki o'sha mamlakat operatorlariga ulanishadi. Roumingda bo'lgan abonentlar nafaqat vataniga qo'ng'iroq qilish, balki o'sha mamlakat ichida ham suhbatlashish uchun ko'p mablag' sarflaydilar. Deylik, ular bir guruh bo'lib mehmonga kelishgan, guruhning boshqa a'zolari bilan aloqada bo'lish uchun ham qimmat narxlarda ko'ng'iroq qilishga to'g'ri keladi. Eng maqbul echim – mahalliy operatorlar turistlar uchun taqdim etayotgan aloqa xizmatlaridan foydalanishdir.

UMS mobil operatori yurtimizga kelgan har bir mehmon safari yakunlangunga qadar o'zini qulay xis qilishidan manfaatdor. Xalqaro tajriba hamda milliy turistik bozor ehtiyojlaridan kelib chiqqan xolda kompaniya turistlar uchun maxsus tarif rejalarini ishlab chiqdi.

Ularning birinchisi – «Uzbekistan Pass 2000» tarifi bo'lib, u 2000 megabayt va 50 daqiqani o'z ichiga olgan. Uning abonent to'lovi atigi 21 ming so'm. Ikkinchi tarif rejasi – «Uzbekistan Pass 5000» bo'yicha esa 42 ming so'm evaziga 5000 megabayt va 100 daqiqa beriladi. UMS ning turistik tarif rejalari abonentlari «Uzbekistan Pass» mobil ilovasidan foydalanayotganlarida Internet uchun haq olinmaydi. Bundan tashqari, «Uzbekistan Pass 2000» va «Uzbekistan Pass 5000» foydanuvchilari alohida daqiqa va Internet to'plamlarini ulashlari, xalqaro yo'nalishlarda qo'ng'iroq qilishlari mumkin.

«UMS kompaniyasi ijobiy o'zgarishlar peshqadami bo'lishga hamda dolzarb xizmatlarni joriy qilishga intiladi. Hususan, biz O'zbekiston uyali aloqa operatorlari ichida birinchi bo'lib turistik tariflarni tijoriy foydalanishga topshirdik. Ularga 30 martdan boshlab ulanish ochilgan. Buning uchun chet el fuqarolari o'z pasportlarining asl nushasini va unga O'zbekistonga kirib kelganliklarini tasdiqlovchi chegara xizmati tomonidan qo'yilgan qaydini taqdim etishlari kerak xolos. Tarif rejalariga ulangan kundan boshlab 30 kun ichida ulardan foydalanish mumkin», – deya izoh berdi «UMS» MChJ Marketing va operatorlik biznesini rivojlantirish departamenti katta mutaxassisi Nigora Axmedova.

Ro'yxatga qaytish