Biz ijtimoiy tarmoqlarda
UMS g‘oliblarga sertifikatlar topshirdi

UMS mobil operatori abonentlari – Ulug‘bek Irgashov, Sherzodbek Xolmatov, Saidolim Maxmudov va Sergey Fir umumiy hisobda 350 million so‘m yutib olishdi. 2018-yilning 2-fevral kuni kompaniyaning bosh ofisida ularga yutuq sertifikatlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Talablarga mos aloqa operatori bo‘lish maqsadini ko‘zlagan UMS kompaniyasi mijozlarini yangidan yangi imkoniyatlar bilan hushnud etishni davom etmoqda. Bu nafaqat texnik va texnologik yangilanishlarda, turli mahsulot va xizmatlarni joriy qilishda, balki abonentlarni qo‘llab-quvvatlashda ham namoyon bo‘lmoqda.

Bunga yorqin misol o‘tgan yilning dekabr va shu yilning yanvar oylarida “UMS dan millionlar” aksiyasi bo‘la oladi. Uning ikki bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan abonentlar yakuniy o‘yinda katta pul yutuqlarini qo‘lga kiritish imkoniga ega bo‘lishdi. 26-yanvar kuni Uzreport TV telekanalining jonli efirida aksiya g‘oliblari aniqlandi.

Ularga yutuq sertifikatlarini topshirish marosimi 2-fevral kuni UMS mobil operatorining markaziy ofisida bo‘lib o‘tdi. Unda aksiya g‘oliblari, ularning yaqinlari va do‘stlari, kompaniya abonentlari va xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. 

Tadbirda UMS kompaniyasining marketing bo‘yicha direktori Elmir Gabdeyev g‘oliblarga sertifikatlarni taqdim etdi. Gulduros qarsaklar, millionlarni yutib olgan baxtli insonlarning tabassumi, ularga qaratilgan kamera va fotoapparat ob’ektivlari tadbirning uzviy qismiga aylandi. 

Sherzodbek Xolmatov, “UMS dan millionlar” aksiyasi g‘olibi (Xorazm viloyati):
- Hamma mendan “Qanaqa qilib yutding?”, deb ishonqiramay so‘rayapti. Omadga ishonsa u har doim odamga kulib boqishini ularga aytyapman. Aksiyaning oddiy bir ishtirokchisi edim, yutishga to‘rtta imkoniyatim bor edi. Mana ko‘rib turibsizki, g‘olibga aylandim va 50 million so‘mni qo‘lga kiritdim. Qanchalik baxtli ekanimni tasavvur ham qilolmaysiz! Katta rahmat, UMS!

Sergey Fir, “UMS dan millionlar” aksiyasi g‘olibi (Toshkent shahri):
- Kompaniya g‘oliblarni aniqlash marosimini iloji boricha shaffof o‘tkazdi. Tadbirga mustaqil komissiyani, jamoatchilik vakillarini taklif qildi, marosimni jonli efirda millionlab teletomoshanbinlar ko‘rdi. 50 million so‘mni qo‘lga kiritganimdan juda hursandman! UMS kompaniyasining kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilab qolaman!

Saidolim Maxmudov, “UMS dan millionlar” aksiyasi g‘olibi (Toshkent shahri):
- 100 million so‘m yutib olganimga haligacha ishonolmayapman! Aksiya bo‘yicha ikkitagina ID-kodim bor edi. G‘oliblar aniqlangan kuni telefonimni o‘chirib qo‘yib, uy ishlari bilan band edim. Jonli efirni kuzatmayotgandim. Bir payt qo‘shnim yugurib kirib keldi va 100 million so‘m yutib olganligim bilan tabrikladi. Telefonimni yoqsam, UMS kompaniyasi vakillari men bilan bog‘lanishga harakat qilishayotgan ekan. Ular jonli efirda meni tabriklashdi. Bizga shunday imkoniyat yaratgani uchun kompaniyaga ming rahmat! Yutib olgan pulimni ota-onam roziligini olib, biznes ochishga yo‘naltirmoqchiman.

Ulugbek Ergashov, “UMS dan millionlar” aksiyasi g‘olibi (Buxoro viloyati):
- 15 yildan buyon qishlog‘imizda ingliz tilidan dars beraman. UMS kompaniyasi bizda sifatli ishlagani uchun 2015-yilda unga ulanganman. Millionlar aksiyasi e’lon qilinganda omadimni sinab ko‘rish uchun qatnashdim. Va omad menga kulib boqdi! Kimdir ishonar, kimdir oshonmas, lekin mo‘’jizalar rostanam bo‘lib turadi. Mana yorqin misol – 150 million so‘m yutib oldim! Bu pullarni oilaviy tadbirkorlik va fermerlikni rivojlantirishga yo‘naltirmoqchiman. 

UMS kompaniyasi rivojlanishni davom etmoqda va abonentlarga yangi imkoniyatlar yaratishni rejalashtirmoqda. Kompaniyaning yaqin kelajakdagi rejalari – O‘zbekistonning barcha viloyatlarida yangi 3G baza stansiyalarini qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, hududiy markazlarda 4G LTE tarmog‘ini ishga tushirishdir. Abonentlar suhbatlari yanada qo‘lay bo‘lishi uchun yangi tarif rejalari va xizmatlarni joriy qilish, hududlarda turli xil aksiyalar o‘tkazish ham kompaniyaning ustuvor vazifalari qatoridan joy olgan.

Ro'yxatga qaytish