Biz ijtimoiy tarmoqlarda
UMS JobFair 2016 yarmarkasida ishtirok etdi
UMS (Universal Mobile Systems) mobil operatori ish topishga ko‘maklashuvchi MyJob.uz ijtimoiy tarmog‘i va «Карьера+» gazetasi tomonidan tashkil etilgan 9-chi ixtisoslashgan JobFair 2016 bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida ishtirok etdi. 
Poytaxtdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazma kompleksida bo‘lib o‘tgan tadbirga minglab yuqori kurs talabalari, oliygohlar va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim muassasalari bitiruvchilari, ish tajribasiga ega mutaxassislar hamda boshqa istiqbolli kadrlar tashrif buyurdi. Yarmarkada ular ish beruvchilar bilan bevosita suhbatlashish, qiziqtirgan savollariga javoblar olish va o‘z rezyumelarini taqdim etish imkoniga ega bo‘lishdi. 
UMS kompaniyasi faol rivojlanib va kengayib borayotgan kompaniya sifatida JobFair 2016da 20dan ziyod bo‘sh ish o‘rinlarini taqdim etdi. Ushbu ish o‘rinlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tarmoqlarga texnik xizmat ko‘rsatish, sotuv va xizmat ko‘rsatish, boshqaruv (menejment), mobil operatorning moliyaviy va yuridik faoliyatini ta’minlash kabi sohalarga aloqador. 
Kompaniyaning Xodimlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassislari ish izlovchilarga UMSning kadrlar bilan ishlash printsiplari, xodimlarni tanlash va o‘qitish xususiyatlari, kadrlarga ko‘yiladigan talablar haqida so‘zlab berishdi. Ish izlovchilar mobil operatorning u yoki bu bo‘linmasida ishlash xususiyatlari hamda o‘z martabasini oshirish bo‘yicha bilimlarga ega bo‘lishdi.
— UMS kompaniyasi o‘z ishining ustasi bo‘lgan, bilimdon va faol mutaxassislarni jalb etishga manfaatdorligiga amin bo‘ldim, — deya ta’kidlaydi yarmarkaga tashrif buyurganlardan biri Ulug‘bek Atayev. — Kompaniyangizda martabani oshirishga imkoniyatlarni va professionallik nuqtai nazaridan rivojlanish uchun istiqbollarni ko‘rganim uchun sizlarga ishga kirishga qiziqib qoldim. Men xaridlar bo‘yicha mutahassis ish o‘rniga rezyumeni taqdim qildim. Taqdim etilgan bunday imkon uchun yarmarka tashkilotchilariga rahmat aytaman. 
Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi 2-6 may kunlari onlayn tarzida www.jobfair.uz saytida o‘z ishini davom ettiradi. Buning natijasida ish beruvchilar xodimlarni tanlab olishiga va respublika hududlaridagi mutaxassislar ish topishiga imkoniyatlar yanada kengayadi. Ushbu saytda UMS mobil operatorining bo‘sh ish o‘rinlari ham joy olgan.
Ro'yxatga qaytish