Biz ijtimoiy tarmoqlarda
Mobiuz O‘zbekistonda eSIM texnologiyasini ishga tushirgan ilk mobil operatorga aylandi

eSIM bitta smartfonda odatiy SIM-kartasiz beshtagacha raqamdan foydalanishga imkon beradi va boshqa bir qator afzalliklarga ega.

Endi O‘zbekistonda eSIM (embedded SIM – «o‘rnatilgan SIM-karta») imkoniyatlarini sinab ko‘rish mumkin. Xizmat faqat Mobiuz mobil operatori tomonidan eksklyuziv ravishda taqdim etilmoqda. Kompaniya bu orqali o‘z abonentlariga xalqaro zamonaviy texnologiyalarni taqdim etishga intilayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Ixtiro qilinganidan buyon SIM-kartalar doimiy ravishda rivojlanib va tobora kichrayib bormoqda. Biroq, ko‘plab abonentlar bir nechta raqamdan foydalanishi smartfonlarda SIM-kartalar uchun joy yetishmasligi masalasini keltirib chiqaradi. Uni hal qilish uchun esa virtual SIM-karta (eSIM) qo‘l keladi. U smartfon yoki planshetga avvaldan o‘rnatilgan modul bo‘lib, qandaydir qo‘shimcha joy talab qilmaydi hamda mobil qurilmada ko‘plab raqamlardan foydalanishga imkon beradi.

eSIM afzalliklari nimada? eSIM’ni olib tashlash, buzish yoki yo‘qotib qo‘yishning iloji yo‘q, chunki u smartfon yoki planshet mikrosxemasiga o‘rnatilgan. Unda oddiy SIM-kartalar kabi bandlanib qolishi mumkin bo‘lgan PIN yoki PUK kodlari yo‘q. eSIM’ni smartfonni o‘zi himoyalaydi. Qurilma yo‘qolgan yoki o‘g‘irlangan taqdirda, uchinchi shaxslar abonent raqamidan foydalana olmaydi. Shu bilan birga, eSIM oddiy SIM-карта o‘rnini bosa oladi va barcha uyali aloqa xizmatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Texnologiya faqat ma‘lum qurilmalar modellarida ishlaydi, ularning ro'yxati bu yerda joylashgan: https://mobi.uz/uz/support/e_sim/.

Mobiuz eSIM’ni bosqichma-bosqich joriy etmoqda. Birinchi bosqichda xizmat sinov tariqasida respublikaning barcha ofislarida taqdim etiladi. Yangi raqamni ulash yoki mavjud raqamni eSIM’ga o'tkazish uchun abonentlar yoki korporativ mijozlar kompaniya ofisiga bir marta murojaat qilishlari kifoya.

Ofislarda Mobiuz xodimlari maxsus QR kodni skanerlashda va qurilmaga sozlamalar bilan abonent profilini yuklab olishda yordam beradi. Abonentlar eSIM texnologiyasidan foydalangan holda 5 tagacha raqamni ulashlari va xohlagan raqamdan mobil aloqa xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.

«Oxirgi paytlari eSIM texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan zamonaviy qurilmalar tarmog‘imizda sezilarli darajada ko‘payganini ko‘rmoqdamiz. Shuning uchun, fikrimizcha, ushbu xizmat mobil aloqa bozorida katta istiqbollarga ega. Biz O‘zbekistonga eSIM’ni olib kirgan ilk mobil aloqa operatori ekanligimizdan faxrlanamiz. Kelgusida Mobiuz o'z abonentlari va mijozlari uchun eng zamonaviy, arzon, qulay raqamli xizmatlarni joriy etib boradi», - dedi Mobiuz kompaniyasining jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha rasmiy vakili Sardor Tojiyev.

Mobiuz’ning eSIM imkoniyatlari haqidagi batafsil ma‘lumotni kompaniyaning www.mobi.uz veb-saytidan olishingiz mumkin.

Ro'yxatga qaytish